Ichki ishlar organlarining qoʻriqlash sohasidagi faoliyati samarali tashkil etiladi

    Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti etib qayta tashkil etilgan.

    Bu boʻyicha Prezidentning “Ichki ishlar organlarining qoʻriqlash sohasidagi faoliyatini amarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–360-son, 28.11.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Departament va uning boʻlinmalari zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi, jumladan:

    • shartnoma asosida davlat, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlar, taʼlim muassasalari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, savdo, xizmat koʻrsatish, koʻngilochar va qurilish obyektlarini zamonaviy usullar orqali qoʻriqlash;
    • qoʻriqlanayotgan obyektlarda ichki tartib va nazorat oʻtkazish rejimlarini taʼminlash;
    • qoʻriqlash faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish.

    2026-yil 1-yanvardan qoʻriqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa obyektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar oʻrnatiladi.