Bugungi kunda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizning dunyoqarashini oʻzgartirish deysizmi, adashgan guruhlarga kirib qolganlarni toʻgʻri yoʻlga solishdan tortib korrupsion jinoyatlarning oldini olishda notiqlik sanʼatining roli juda ahamiyatli boʻlmoqda. Notiqlik sanʼati xalq bilan bevosita ishlaydigan barcha tizim vakillari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Maʼnaviy – maʼrifiy ishlar hamda kadrlar bilan taʼminlash xizmati tomonidan koʻpgina ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, viloyatda mehnat qilib qilayotgan bilimga chanqoq ichki ishlar xodimlari ichidan eng kuchlilari saralanib, “Yosh liderlar” guruhi tashkil etildi. Mazkur guruh xodimlari oʻrtasida, kuni kecha, “Notiqlik sanʼati” mavzusida bahs va munozaralarga boy trening boʻlib oʻtdi.

Bunday trening va musobaqalarni tashkillashdan maqsad, ichki ishlar xodimlarida muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish, kitob mutolaasi, kitobsevarlikka chorlash, faol xodimlar safini kengaytirish, har bir xodimda nutq mahorati va notiqlik sanʼatini takomillashtirish, fuqarolar bilan muloqotda qonuniylik va xushmuomalalikni taʼminlash, mantiqiy mushohada yuritish va yangicha fikrlash tarzini shakllantirishdan iboratdir.

Tashkil etilgan tadbir davomida xodimlarning mahorati tajribali notiqlar tomonidan sinovdan oʻtkazilib, bu borada kerakli tushuncha va yoʻriqnomalar berildi. Bellashuv tarzida oʻtkazib kelinayotgan bu kabi treninglar ichki ishlar organlari xodimlarining yangicha imijini shakllantirishda oʻzgacha yondashuv boʻlishi shubhasiz.

Umuman olganda, Namangan IIBda faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar oʻrtasida tizimga oid koʻplab yangiliklar, gʻoyalar va fikrlar yetarlicha. Bu gʻoyalarni amalda tatbiq etib, rivojlantirishimiz uchun kunu- tun mehnat qilishga tayyormiz.

Mirabbosxon Mirjalolxonovich,

Namangan viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar

hamda kadrlar bilan ishlash

xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik.