1-sentyabr, taxminan soat 19.00 da 2-batalyon YPX inspektori katta serjant Salim Umarov Mirobod tumani Shahrisabz koʻchasida xizmat olib borgan. “Grand Mir” mehmonxonasi yaqinida u tekshiruv maqsadida “Captiva” (davlat raqami 01 Q 772 VV) rusumli avtomobilni toʻxtatgan. Katta serjant tekshiruvdan soʻng hujjatlarni haydovchiga qaytarib, transport vositasini aylanib oʻtib yoʻl cheti tomon yurgan. Shu vaqtda “Lacetti” (davlat raqami 01 T 789 NV) rusumli avtomobilini ishonchnoma asosida boshqarib borgan 19 yoshli Temurbek ismli fuqaro Mirobod koʻchasidan chiqib, boshqaruvni yoʻqotgan va yoʻl chetida toʻxtab turgan “Captiva” avtomobiliga toʻqnashgach, inersiya tufayli harakatni davom ettirib, YPX xodimini urib yuborgan.

YTH natijasida 30 yoshli YPX inspektori katta serjant Salim Umarov badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazildi. Hozirgi vaqtda xodim reanimatsiyaga joylangan.

Tergov oldi tekshiruvlari olib borilmoqda. Toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrilishi uchun prokuraturaga yoʻnaltiriladi.