“ICT Week Uzbekistan – 2023” Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boʻlib oʻtadi

    Raqamlashtirish 4 Oktabr 2023 1209

    Joriy yil 24–27-oktyabr kunlari yilning asosiy tadbirlaridan biri – “ICT Week Uzbekistan – 2023” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boʻlib oʻtadi.

    AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumani mazkur tadbirga bagʻishlandi.

    Anjumanda Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Axborot xizmati boshligʻi boshligʻi Sherzod

    Ahmatov, It Park direktor oʻrinbosari Maxliyo Muxsinovalar jurnalistlarning savollariga javob berdi.

    Unda taʼkidlanishicha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi va dasturiy taʼminot bozorini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, Oʻzbekistonni axborot texnologiyalari sohasidagi mintaqaviy markaz – IT-xabga aylantirish, Oʻzbekistonning IT xizmatlar eksportini oshirish, respublikada raqamli iqtisodiyot va “Raqamli hukumat” tizimi erishgan yutuqlar, imkoniyat va imtiyozlarni namoyish etish, amaliy natijalar, rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish maqsadida Oʻrta Osiyoning eng yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi “ICTWEEK Uzbekistan – 2023”ni oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti.

    Tadbir Toshkent shahrining 3 ta asosiy manzilida boʻlib oʻtishi belgilangan. Bular:

    “CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan)” koʻp funksiyali koʻrgazma markazi;

    Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan IT-Park Uzbekistan majmuasi;

    Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi.

    Mazkur tadbirda bir qator yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar oʻzlarining yangi texnologik yechimlarini taqdim etishi kutilyapti.

    Ushbu haftalik 2004-yildan buyon har yili oʻtkazib kelinadi. Oxirgi 19 yil davomida ushbu tadbir anʼanaviy tarzda bir qator ixtisoslashgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirib keladi.

    Haftalik doirasida:

    - Yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda yangi imkoniyatlarni namoyish etishga qaratilgan Start-up Sammiti;

    - “ICT Expo Uzbekistan-2023” koʻrgazmasining ochilish marosimi;

    - IT sohasida ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirishga bagʻishlangan “Empowering Women in IT: Leading the Digital Revolution” Sammiti;

    - Oʻzbekistonning raqamli kelajagini oʻzgartirish boʻyicha Oʻzbekistonda autsorsing- BPO Forumi;

    - IT Taʼlim Forumi;

    - Central Asian “IPv6 Enhanced” Sammiti;

    - Jahon Bankining “Oʻzbekistonda elektron tijorat bozorida qanday muvaffaqiyatga erishish mumkin?” mavzusidagi Forumi;

    - Sunʼiy intellektning kelajagi va global hayotga integratsiyalashuvi mavzusidagi sammit;

    - Oʻzbekistonning IT sektorida investitsiyalar va davlat-xususiy sherikligi uchun yaratilgan imkoniyatlar va shu kabi boshqa yirik forumlar boʻlib oʻtishi belgilangan.

    Jami 5000 kv.m maydonda tashkil etilayotgan “ICT Expo – 2023” koʻrgazmasida jami 100 dan ziyod xorijiy va mahalliy IT kompaniyalar ishtirok etadi. Shuningdek, 100 ga yaqin yirik xorijiy kompaniyalar: – Plug and Play, Nokia, ZTE, Huawei, Innotech, Yandex va IT Park rezidentlari, hamda axborot texnologiyalari sohasidagi mahalliy yirik kompaniyalar – Uzbektelecom, UZINFOCOM, UNICON kompaniyalarining yangi innovatsion dasturiy mahsulotlarining taqdimotlari boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.