IELTS imtihonlarida 7,0 ball olgan jomboylik o'quvchi

    AQSh universiteti talabasi bo'ldi

    Bugun Jomboy tumanidagi 18-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-“b” sinf oʻquvchisi Abbos Quvondiqovga barcha birdek havas qilyapti. Chunki, u yaqinda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kolorado universitetiga muddatidan oldin oʻqishga qabul qilindi va ushbu universitetning 32 ming dollar miqdoridagi grantini qoʻlga kiritdi.

    U bu yutuqlarni birinchi navbatda ustozlari mehnati, ota-onasining taʼlim va tarbiyasiga boʻlgan eʼtibori bilan bogʻlaydi.

    Abbos joriy yilning iyun oyida IELTS imtihonlarida ishtirok etib, 7,0 ballni qoʻlga kiritgan edi. Bu muvaffaqiyat yoshligidan ilmga chanqoq, maqsadlari yoʻlida izlanib kelayotgan oʻquvchida oʻziga boʻlgan ishonchni yanada oshirdi.

    – Kichikligimdan ingliz tilini oʻrganaman, axborot texnologiyalariga mehr qoʻyganman, – deydi A.Quvondiqov. – Menimcha, hayotda asosiy narsa oʻzingizga ishonish va maqsadingizni toʻgʻri belgilashdir.

    Ayni paytda Abbos oʻndan ortiq xorijiy universitetlarga hujjat topshirgan. U kelajakda IT sohasida yetuk mutaxassis boʻlib yetishishni orzu qiladi. Bugun shu maqsad yoʻlida oʻqib izlanmoqda.

    Yormamat Rustamov