IHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

    Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Oʻzbekiston Milliy pavilyonida BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP29) doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ning ekologik muammolar boʻyicha ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda IHT Bosh kotibi Asad M.Xon, Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari, IHTga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda ishtirokchilar IHT davlatlarining atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi maʼruzalarini taqdim etdilar va ekologik barqarorlikni taʼminlashda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha keyingi qadamlarni muhokama qildi.

    — Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti mintaqasida dunyodagi eng noyob ekotizimlar, shuningdek, suv va biologik xilma-xillikning eng katta zaxiralari joylashgan, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Obidjon Qudratov. — Ammo bu atrof-muhitning jiddiy zaifligi boʻlgan mintaqadir. Qurgʻoqchilik va suv toshqini kabi ekstremal ob-havo hodisalari atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror kelajakni taʼminlash uchun birgalikda harakat qilishimiz kerakligini eslatadi. Oʻzbekiston doimo ekologiya masalalarida hamkorlik tarafdori boʻlib kelgan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti muloqot va hamkorlik platformasi sifatida oʻzining qadr-qimmatini allaqachon isbotlab boʻlgan, biroq u bugungi kunning oshib borayotgan ekologik muammolarini hal etish uchun ham rivojlanishi kerak.

    Muhokamalar chogʻida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, choʻllanishga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi qoʻshma ekologik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq tashabbuslar ilgari surildi.

    Ilgʻor tajriba va texnologiyalar almashish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Aʼzo mamlakatlar vakillari tomonidan ekologik muammolarga yanada samarali qarshi turish uchun IHT mexanizmlari orqali saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.