Toshkent shahar IIBB axborot xizmati avvalroq bir nechta davlatlarda turli buzgʻunchi va adovat gʻoyalarini targʻib qiluvchi “Ryodan” harakati Toshkent shahriga kirib kelgani va oʻzining guruhini tashkil etgani haqida xabar bergandi.

Joriy yilning 5-mart kuni ushbu guruh aʼzolari tomonidan soat 18.00 da Forumlar saroyi oldida yigʻilish oʻtkazilishi va pnevmatika, sovuq qurollar, oʻqotar qurollar bilan qurollanib kelishligi haqida xabar chiqarilgan.

Mazkur xabarlarni tekshirish va jamoat tartibi buzilishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.

Unda aniqlanishicha, 5-mart kuni taxminan soat 18.00 larda poytaxtimizning Xalqaro forumlar saroyi oldida 50 nafarga yaqin voyaga yetmaganlar toʻplangan. Ular Yashnobod tumani IIO FMBga olib borilib, profilaktik suhbat oʻtkazilgan.

Oʻrganishlar jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi “Ryodan” kanaliga aʼzoligi maʼlum boʻldi. Barcha voyaga yetmagan shaxslar shu kunning oʻzida ota-onasi yoki yaqinlari bilan birga uyiga qoʻyib yuborilgan, hech kim protsessual tartibda ushlanmagan.

Ommaviy tartibsizlikni, diniy, milliy, etnik adovatni targʻib qiluvchi xabarlarni tarqatgan shaxslarni aniqlash yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv oʻtkazilmoqda.

“Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Xabaringiz bor, hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot xuruji avj olmoqda. Turli oqimlarning paydo boʻlishi ketidan, gʻarazli niyatdagi shaxslar bu oqimlarni boshqarishga, buzgʻunchi gʻoyalarni targʻib qilishga, aholi orasida adovat va vohima uygʻotishga harakat qilmoqda. «Ryodan” harakati aʼzolari tomonidan tarqatilgan xabarlar va shu mazmundagi boshqa xabarlarning barchasi Ichki ishlar organlari tomonidan tekshiriladi, har bir holat oʻrganiladi va qonuniy baho beriladi», deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB ota-onalardan farzandlari nimalar bilan bandligi va ularning qiziqishiga eʼtiborli boʻlishni, ular turli ommaviy tartibsizliklar va buzgʻunchi gʻoyalarni targʻib qiluvchi oqimlarga qoʻshilib qolmasligini nazorat qilishini soʻragan.