Navbatdagi ana shunday taqdimot 2022 yilning 21 may kuni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi taklifiga binoan akademiyaning professor-o'qituvchilari, xodimlari hamda tinglovchilari uchun tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan o'tkazilgan taqdimotda Taraqqiyot strategiyasi mamlakat taraqqiyotini to'laqonli ta'minlab berishga qaratilgan yettita yo'nalish va yuzta maqsadlarni o'zida jamlaganligi, bunda bugungi globallashuv jarayonidan kelib chiqqan holda Harakatlar strategiyasidan farqli ravishda alohida ikki yo'nalish qo'shilganligi ta'kidlandi.

Ushbu maqsadlarning amalga oshirilishi Yangi O'zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o'rnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta'minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurishga hamda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilganligi bilan g'oyatda ahamiyatlidir.

Tadbir davomida jamiyat tinchligi, qonunlar ijrosi uchun hissa qo'shadigan kadrlarni etishtirib berishda o'z o'rniga ega bo'lgan akademiya jamoasi faoliyatiga bevosita bog'liq bo'lgan, birinchi — Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish hamda ikkinchi — Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo'nalishlari doirasidagi maqsad va vazifalarning tub mohiyati yanada kengroq ochib berildi.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 16-maqsadida jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo'lgan shart-sharoitlarni o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish ko'zda tutilgan bo'lsa, 17-maqsadda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga qaratilgan maqsadlar belgilangan.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, 2022 yilgi Davlat dasturi doirasida “E-patrul” tizimi joriy etilib, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo'limiga olib borish amaliyotidan voz kechilib, barcha ma'lumotlarni joyida tekshirish yo'lga qo'yiladi. Bunda, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati “bodikamera” yordamida nazorat qilib boriladi.

Taqdimot yakunida akademiya professor-o'qituvchilari va tinglovchilari tomonidan bugungi kunda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan fuqarolarni o'z vaqtida va samarali tanishtirib borishda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining alohida o'rni borligi e'tirof etilib, Markaz hamda akademiya hamkorligida bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etib borishni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati