Bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish davrida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savolga IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi.
– Bayram tadbirlari davomida namunali jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida hamkorlikda barcha tashkiliy, profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xususan, bayram tadbirlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va tashkil etish boʻyicha IIV Jamoat xavfsizligi departamenti monitoring va muvofiqlashtirish markazida tashkil etilgan idoralararo va shahar-tumanlarda jamoat xavfsizligi xizmati negizida tezkor shtab va ishchi guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan “Yangi yil archalari” hududini, yoʻl-patrul xizmati maskanlarini, jamoat tartibini saqlash xizmatining maxsus muassasalarini, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining muassasalarini hamda asosiy chorraha va jamoat joylari nuqtalari onlayn kuzatilib, nazorat qilinmoqda.
25-dekabr kunidan boshlab “Prezident archasi” tadbirlari 14 obyektda oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, unda 7 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlash uchun 640 nafarga yaqin shaxsiy tarkib jalb etildi.
Asosiy bayram tadbirlari mamlakat boʻyicha 240 dan ortiq obyektda oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, tadbirlarda taxminan 1 million nafar fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda.
Xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha 16 mingdan ziyod kuch-vositalar safarbar etilgan. Xodimlarga 7 ming 78 aloqa, 1 ming 482 avtotransport, 2 ming 251 metallodetektor, 677 metallorama hamda 285 bosh xizmat iti ajratilgan.
Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlar atrofiga intellektual videokameralar oʻrnatilib, monitoring markazlariga integratsiya qilingan.
Tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda adashib qolgan yosh bolalarni vaqtincha saqlash uchun xonalar tashkil etilib, ularga masʼul xodimlar biriktirilgan.
“Prezident archasi” hamda “Yangi yil bayrami” tadbirlari oʻtkaziladigan joylarda harakat xavfsizligini taʼminlashga qariyb 2 ming nafar yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etilgan.
Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan joylardan 150 metr uzoqlikda 324 avtoturargoh tashkil etilib, ushbu joylarning qoʻriqlanishi taʼminlanadi. Transport vositalarining tartibsiz qoldirib ketilishi va evakuatsiya yoʻllarining toʻsib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tadbir oʻtkaziladigan obyektlar atrofida tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida ayrim koʻchalarga vaqtinchalik yoʻl belgilari oʻrnatilib, aylanma yoʻllar tashkil etiladi.
Favqulodda holatlar yuzaga kelganda, fuqarolar va transport vositalarining evakuatsiyasini tashkil etish maqsadida obyektlar oldiga 192 nuqtada maxsus texnikalar joylashtiriladi.
Aholi gavjum boʻladigan tungi koʻngilochar joylar atrofida transportni yetkazib berish xizmatlari tashkil etiladi.
Yurtdoshlarimiz va respublikamiz mehmonlari bayram kunlari barcha xavfsizlik choralariga yanada eʼtiborli boʻlib, xavfsizlikni taʼminlayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga amal qilishini soʻraymiz.