“Ijara toʻgʻrisida”gi  qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra:

Ijara munosabatlarining obyektlari boʻyicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari boʻyicha huquq va majburiyatlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ushbu obyekt bilan birga mazkur obyekt band etgan hamda undan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasi ijarasiga doir huquq va majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga oʻtadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi.

Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy va yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda ijara shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlar yangi ijaraga oluvchiga oʻtadi.

Shuningdek qonun bilan, Fuqarolik kodeksi va Yer kodekslariga servitut toʻgʻrisidagi shartnomaga, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga, servitutni oʻzgartirish va uni bekor qilish, servitut uchun haq toʻlash, ommaviy servitutni belgilash qoidalariga doir qoʻshimchalar kiritildi.