“Taqdirlar” nomli turkum telekoʻrsatuvni tomosha qilib turaman. Hammasi bir xil saviyada emas, ammo koʻplarga hayotiy saboq boʻladigan, ota-onalar, yoshlar oʻzlari uchun tegishli xulosa chiqarib olishi zarur boʻlgan sermazmun jihatlar bor. Ijodkorlarning maqsadi ham shu.
Yaqinda “Taqdirlar”ning navbatdagi seriyasi toʻylar, toʻy marosimlari, sarfxarajatlar, toʻydan keyin yuzaga kelayotgan mojarolar, toʻy oʻchogʻining choʻgʻi oʻchmay turib oʻrtaga tushayotgan sovuqchilik kabi muammolarga bagʻishlandi. Bugungi asabbuzar serial lar yodga tushdi. Toʻyda qiz tomon yuborgan narsalardan koʻngli toʻlmagan muhtarama qaynona bir kunlik keliniga: “Orqangga bir tepaman, onangning uyiga borib tushasan” deb turibdi.
Oʻylab qolaman. Toʻy oʻzi nima? Boyligini koʻzkoʻz qilish, qizini bermaganlarni tavbasiga tayantirish, buning uchun borini sochish, yoʻgʻini qarzga olish, quda tomondan koʻproq narsa undirishmi? Yoʻq, aslo bunday emas. Toʻydan maqsad — el oldiga shukronalik dasturxoni yozish, eldan duo olish. Shunday ekan, toʻyxona, kiyimlar, taqinchoqlar, qaynonaning kelin qoʻliga taqib qoʻygan tilla uzugi, kuyovning yaltillagan mashinasi... ikkiuch kunga shuncha narsa ijaraga olinganini qanday tushunish mumkin? Toʻyning ertasigayoq kuyovbolaning vazirlikda ishlashi ham gʻirt yolgʻonligi bilinib tursaya? Birov nogahon hushtak chalvorsa qulaydigan pufak poydevor ustiga qurilgan bunday oilalar “ildiz otib, palak yozadi” deb oʻylaysizmi? Aslo. Oila sifatida uzoqqa bormaydi, bordiyu yashab qolsa ham yolgʻonchilik keyingi avlodlarga oʻtadi. “Zoʻr bilan boʻlgan imorat oxiri vayronadir”, degan gap bor. Yolgʻon aralashgan hamma narsa sinadi, toʻkiladi. Shunga qaramay, yolgʻonchilik illati koʻplarning odatiy turmush tarziga aylanib bormoqda. Yolgʻon baʼzilar uchun moʻmay daromad manbai boʻlib qoldi. Yaqinda oʻqidim — sunʼiy robotlar hozirning oʻzidayoq yolgʻon gapirishni, quvlik qilishni oʻrganib olibdi. “Hoy, bitta sen qoluvding aldamaydigan, bu nimasi?” desangiz, mulla robot pinagini buzmay: “Avval oʻzingga boq, keyin nogʻora qoq” desa, mulzam boʻlasiz.
Nahotki, bu ayanchli holatlar hayotda bor boʻlsa, mahalla, elyurtning koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan boʻlsa, deya yoqa ushlaging keladi. Oʻta ogʻir, mashaqqatli sinovlardan oʻtgan oriyatli, gʻururli xalqmiz, “Hay, mahalla eshitmasin, gap koʻchaga chiqmasin”, deya ovozimizni pastlatamiz, unchamuncha kamchiligimizni ovoza qilmaymiz, uyga mehmon kelsa, arazlashib yurgan erxotin oʻzoʻzidan yarashib ketadi. Bugun bizga nima boʻldi oʻzi?
Shu satrlarni qogʻozga tushirayotganimda oʻtgan asrning elliginchi yillari, qahraton qish koʻz oldimga keldi. Qahatchilikka yaqin holat. Koʻpchilikning qozoni qaynamay qoʻygan, bolajon oilalarga qiyin, otalar ilojsiz. Ammo nolish yoʻq. Bolalari qoʻshnilarning uyiga chiqib, tengdoshlari bilan oʻynamoqchi boʻlsa, otaona ularga: “Ovqat yeysanmi deb soʻrashsa, yoʻq, qornim toʻq”, degin, deb qattiq tayinlaydi. Nahotki, bugungi tinch, toʻkinsochin zamonda shunday sharmandali koʻzboʻyamachilik hayotimizga kirib kelayotgan, ildiz otayotgan, jamoatchilik esa bunga eʼtibor bermayotgan boʻlsa?!
Ishonish qiyin. Notoʻgʻri xulosa chiqarmayin, oʻrinsiz vahima koʻtarmayin deb kasbdoshlarimning fikrini bilishga qiziqdim, ijodiy safarlarimda suhbatdoshlarimdan soʻradim. Tahririyatga kelgan mahalla oqsoqoli bilan shu mavzuda uzoq suhbatlashdik. Sahnada emas, “kelin salom” marosimini oʻtkazishda favqulodda yuksak natijalarga erishayotgan ayrim sanʼatkorlarni ham savolga tutdim. Hayratlanarlisi shuki, xuddi avvaldan kelishib olganday, hammasining javobi bir xil boʻldi:
“Ha, shunaqa yolgʻonlar ham bor, obroʻ olish kerakda”. Keyin hammasi birikkitadan misol keltirdi. Kuyovning shahar chetidagi dangʻillama uyi oʻziniki emas, ijara uyligi bilingach, ayol qudalar yoqalashishgacha boribdi. Boshqa bir holatda kelinning otasi qiziga kuyov tomonning vakili boʻlib kelgan, maqtovni qoyillatgan “kelintopar”ning boʻyniga toʻy xarajatini ilibdi. Boisi, kuyov bola giyohvandlikka berilganlardan ekan. Bir ijarachi uch kunlik ijara pulini toʻlamagan mijozni qudalarning oldida haqoratlabdi. Yanada taʼsirlisi — “kelin salom” payti ijaraga olingan uzuklardan biri osmonga uchganday yoʻqolibdi. Qidirilmagan joy qolmabdi, kimlardandir gumon qilinibdi, janjal chiqib, salomchi “sanʼatkor”ning chirmandasi yorilibdi...
Bulardan ham ayanchli misollar eshitdim. Koʻp joyda nikoh bazmlari, quda chaqiriq, kuyov chaqiriq kabi kimoshdi marosimlari oʻtkaziladigan maxsus ijara hovlilar, kottejlar paydo boʻlibdi. Moʻmay daromad. Qudalarni darvoza oldida kutib oladigan mansabdor “qarindosh”lar, haybatidan dev hurkadigan mashinalar — bular ham ijara.
Bugungi kelinkuyovlar kechagi kelin kuyovlar emas. Oʻzgarish katta. Qaysi tomonga deysizmi? Oila maktabining hali birinchi sinfida saboq olmagan qizlar toʻydan keyin alohida yashashadimi yoki qaynonaqaynota xizmatida boʻladilarmi — shunga qiziqadi. Kuyovlar boʻlsa, toʻy kuni qaynota qanday mashina sovgʻa qilishi haqida oʻylaydi. Choyxonada kerilib oʻtirishi kerakda.
Misol keltirishni shu joyda toʻxtataman. Chunki har qanday misol targʻibotga aylanishi mumkin. Bolaga: “Mana bu narsalar senga, mana bunisiga tegma, yomon narsa”, desangiz, bolada, oʻsha “yomon” narsaning nimaligini bilishga qiziqadi, bilmaguncha qoʻymaydi. Ancha yil avval televideniyeda “Qirq togʻoraning qirq nogʻorasi” degan serial namoyish qilinib, unda qudanikiga yuboriladigan togʻoralar jiddiy tanqid ostiga olingandi. Koʻpchilik uni toʻgʻri qabul qildi. Ammo tumanlarimizdan birida yashaydigan ijodkor doʻstimiz tahririyatga bunday kinoyali xat yozgani yodimda:
“Televizorda nima baloni boshlashdi, bizda hech kim qudanikidan keladigan togʻoraga eʼtibor bermasdi. Mana endi: “E, shaharda qirqtagacha togʻora yuborilar ekanda, nima, biz ulardan kammizmi?” deb togʻora sanashga oʻtildi...”.
Oʻzimizga kelaylik. Dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan xalqmiz. Bunday ayanchli ahvolga tushib qolayotganimizni nahotki sezmayotgan boʻlsak? Bitta beli baquvvat, bu dunyoda yashashdan maqsad nimaligini anglamagan boyvachcha boshlaydi, ikkinchisi davom ettiradi, uchinchisi havas qiladi, toʻrtinchisi shulardan qolamanmi, deydida, qarz koʻtaradi. Jamoatchilik jim. Gohgohida yuqoridan bir ishora boʻlsa, “Hay, sal pasaytiringlar”, deyilsa, pasaytiramiz. Ammo oradan koʻp oʻtmay, yana avvalgi holga qaytamiz, undan oshirib ham yuboramiz. Men emas, boshqalar pasaytirsin, deymiz. Toʻyimiz mahallada duvduv gap boʻlishini, hammaning ogʻzi ochilib qolishini xohlaymiz. Ogʻir pandemiya kunlari oʻtgan ixcham toʻylar har jihatdan namunali edi. Shunga koʻnika boshlagandik. Afsuski, eski “kasalimiz” qoʻzidi, besh yuz kishilik bazmlar bugun oddiy voqea, oʻttiz kishilik toʻylar esa kulgiga qolib, Avaz Oxunning repertuaridan joy oldi.
Toʻy — toʻqchilik, maʼmurchilik belgisi. Toʻytomoshasiga qarab, u yoki bu mamlakatda elning turmushi, xarid quvvati qandayligini tasavvur qilish mumkin. Odamlar oila qurib yashashga oʻrganganidan beri toʻylar takomil topib keladi. Mamlakat rivojlangani sari insonning iqtisodiy ehtiyoji bilan birga maʼnaviy orzuhavasi ham oshib boradi. Bir davrning toʻyi boshqa davrning toʻyiga oʻxshamaydi. Oʻtgan asrning elliginchi yillari qishlogʻimizda yashagan Oymon kampirning oʻgʻli, kolxoz hoʻkizlarini boqadigan Buzrukxoʻja uylanganida mahalla bu nochor oilaga yordam qilib, kichikroq dasturxon tuzagan, ikki kishilik kuyovnavkarni pish loq, turshak, mayiz, yongʻoq bilan siylagan ekan. Joʻralar Buzrukxoʻjani chimildiqqa kiritib, uyuyiga tarqalayotganida kutilmagan voqea yuz beribdi: kuyov bola doʻrillagan ovozda chimildiqning ichidan turib, enasini chaqira boshlabdi. Oymon kampir qaznoqda qoʻniqoʻshnilari bilan gaplashib oʻtirgan ekan, oʻtakasi yorilib, chimildiqning oldiga kelsa, Buzrukxoʻja: “Ena, hoʻkizlarga kunjara berib qoʻying, oʻlibnetib qolmasin tagʻin...”, dermish. Qish qahrli kelib, yemxashak anqoning urugʻi boʻlib turganida hoʻkizboqarning xayoli chimildiq ichidagi kelinda emas, jamoaning ochlikdan sulayib qolgan hoʻkizlarida boʻlgan ekan. Bu voqeani bugun kimga ham aytasiz?
Toʻyning qanday oʻtishi, xarajat qancha boʻlishini topshiriq bilan chegaralab boʻlmaydi. Har bitta toʻyxona eshigi oldiga bittadan nazoratchi qoʻyishning imkoni yoʻq. Bundan oʻn yillar avval Madaniyat vazirligi va bir necha madaniymaʼrifiy tashkilotlar tashabbusi bilan toʻylarda qanday qoʻshiqlar kuylanishi, bazm qanday boshlanib, qanday tugashi, kimlar tabrik soʻzi aytishi xususida maxsus nizom ishlab chiqilgani yodimizda. Hech nima oʻzgargani yoʻq. Bunday koʻrsatmani hech kim qabul qilmadi, qilmaydi ham. Fik rimizcha, toʻyning darajasi toʻychivoy togʻamizning imkoniyati, mahallada shakllangan odobaxloq meʼyorlaridan kelib chiqib belgilanishi maqsadga muvofiq. Or nomusli, ziyoli, ibodatli oilalar farzandlarining toʻyiga behayo, yarim yalangʻoch koʻcha “raqqosa”larini taklif qilmaydi. Shirakayf yigitchalar (shoʻxligi qolmagan baʼzi moʻysafidlar ham) bazmda ularni yoshlar, bolalarning koʻz oʻngida quchoqlab koʻtarishmaydi. Dunyo dunyo boʻlganidan beri hech joyda bunday sharmandalik boʻlgan emas. Oʻzini hurmat qiladigan kishilar qoʻli uzunligini koʻzkoʻz qilib, mantiqsiz marosimlarni oʻylab topmaydi. Toʻydan avval xonadonni, hovlini bir sidra tozalab chiqadi. Chunki mehmonlar faqat dasturxonga qaramaydi. Bundan ancha yil avval xorijdan kelgan ikki hamkasbimizga hamrohlik qilib vohaga borganman. Mehmonlar tarixiy joylarni koʻrdi, koʻziga ishonmay tomosha qildi. Keyin ularni bir doʻstimizning xonadonida oʻtkazilayotgan toʻyga taklif qildik. Hammasi joyida. Izzatikrom, sovgʻasalom, taom ustiga taom. Qoʻshiq avjida, raqslar ofatijon. Toʻyonaning keti uzilmaydi. Qani endi, bizda ham odamlar birbiriga shunday mehribon boʻlsa deb havas qilishdi. Keyin... bir “detal” bu havaslarning hammasini yoʻqqa chiqardi. Qanday aytsam ekan: bazm yakunida mehmonlardan biri... hamma piyoda boradigan joyni soʻrab qoldi. Olib borib, koʻrsatishdi. Mehmon paxta teriladigan etak matosidan qilingan qoʻlbola pardani koʻtarib, ichkariga qadam qoʻydiyu, xuddi zaharli ilonning dumini bosib olganday sapchib, orqaga qaytdi. Vaqtni oʻtkazmay, mehmonxonaga ulgurib keldik. Afsuski, u yerda ham “piyoda boriladigan joy” ahvoli avvalgisidan durust emas...
Milliy anʼana, xalq ijodi, degan iboralar bor. Xalq bir joyda yigʻilib, “Qani, birodarlar, yangi bir urfodat oʻylab topaylik, toʻylarda ijro etiladigan kuyqoʻshiq yarataylik”, demaydi. Milliy urfodatlar yillar, asrlar davomida shakl lanadi, nene sinovlar elagidan oʻtadi. Shunday ekan, milliy urfodat yaratuvchi xalqning bir vakili sifatida har birimiz zimmamizdagi bu ulugʻ vakolatga jiddiy masʼuliyat bilan yondashishimiz kerak. Shunday qilmasak, toʻylarimiz tobora qalbakilashib boraveradi. Umrimizning katta qismi toʻy tashvishi bilan oʻtadi. Bir boyvachcha oʻylab topgan koʻngilxushlik ertaga “milliy anʼana”ga aylanadi, ildiz otadi. “Oʻchoq koʻmdi”, “Kalla soldi”, “Sochiq yuvdi”, “Kuyov oshi”, qiz uzatilgan boʻlsa, “Ota yupatdi” degan marosimlar paydo boʻladi. Vodiyda shunday marosimlardan biriga meni ham taklif qilishgan. Afsuski, “Ota yupatdi” marosimi “Ota qulatdi”ga aylanib ketdi...
Ortiqcha marosimlar haqida qayerda gap boshlanmasin, koʻpchilik: “Toparmantutarmanlar oshirib yuboryapti, isrof garchilikni bas qilaylik, birovda bor, birovda yoʻq — ixchamlashtirmasa boʻlmaydi”, deydi. Hamma oyoqni koʻrpaga, mahallaga, elyurtga qarab uzatish tarafdori. Biroq amaliy ishga kelganda, butunlay boshqacha manzara. “Qani, bu ishni kimdan boshlaymiz?” deyilsa, bas, koʻpchilik oʻzini chetga oladi.
Toʻylarga nomdor sanʼatkorlarni taklif qilish beli baquvvatlar uchun oddiy yumush boʻlib qoldi. El xizmatida boʻlish ayb emas. Isteʼdodi bor, ijro mahorati yuksak, musiqiy didi baland kishilargina sanʼatkor degan sharafli nomga, muxlislar hurmatiga sazovor boʻladi. Buning uchun necha oʻn yillab izlanish, ustozlardan saboq olish, unchamuncha sarfxarajatni zimmaga olishga toʻgʻri keladi. Bitta syujetli klipning xarajati bugun falon pul. Shunday ekan, chin sanʼatkorga hech kim toʻyga borma, demaydi, borganlari avvalgi yillardagidek qora roʻyxatga tushmaydi. Ammo bu “tirikchilik”da ham raqobat kuchayib bormoqda: toʻy talashish, qoʻshiq talashish boshlandi. Ozroq faromush boʻlsangiz, safdan chiqasizqolasiz. Toʻy bazmlarida goʻzal qoʻshiqlar ijro etilsa, sanʼatkorlar birbirini hurmat qilsa, shogirdlar ustozlarga yoʻl bersa, bunga nima yetsin?! Navbat talashib, elyurt oldida obroʻsini toʻksa, bundan yomoni yoʻq. Kamoliddin Rahimov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Nuriddin Hamroqulov, Oʻlmas Saidjonov kabi sanʼatkorlar ham toʻylarda xizmat qilgan, ammo shu choqqacha ularning birortasi haqida nordon gap eshitmaganman.
Toʻy haqida juda koʻp yoziladi, men ham anchamuncha qogʻoz qoralaganman. Maqolalarimdan birini avvaliga “ZAGS mudirasi ZAGSdan oʻtganmi?” deb nomladim. Koʻp toʻylarda kelinkuyovning nikohi visol oqshomida roʻyxatga olinadi. Oʻz vaqtida bu yangi odatni qoʻllabquvvatlaganmiz. Ammo bir toʻyda Adliya vazirligi nomidan nikohni rasman qayd etgan, ularga oila va nikoh masalalarida zarur maslahatlar bergan yosh mudiraning soʻzlarini tinglab, koʻnglimda “Bu nozik nihol singilchamiz turmush qurganmi oʻzi?” degan ishtiboh paydo boʻldi. Joʻn, umumiy, yodlab olingan, toʻylarda bir xil takrorlanadigan hissiz, quruq gaplar. Nikohni qayd etish marosimini mahallalarimizda umrguzaronlik qilayotgan, oila qurganlariga ellik, oltmish yil boʻlgan, uvalijuvali, farzandlari tarbiyali, imoneʼtiqodli otaxononaxonlar ishtirokida oʻtkazish, ularning vafosadoqatini, turmush sinovlariga bardoshini yoshlarga namuna qilib koʻrsatish kerak emasmi?!
Bugun mamlakatimiz ulkan toʻyxonaga oʻxshaydi. Yangiyangi zamonaviy binolar, sanʼat, madaniyat va sport saroylari, oliy oʻquv yurtlarining muhtasham binolari bilan birga dabdabali, biri ikkinchisiga oʻxshamaydigan toʻyxonalar ham shitob bilan qurilmoqda. Toʻy tadorigini koʻrayotgan, toʻyxona qurayotgan xalqqa dunyo havas qiladi. Ayniqsa, bugun. Men esa yana niyat qilaman: saxovatpesha tadbirkorlarimiz toʻyxonalar bilan birga mahallalarda, mavzelarda kutubxona, qiroatxonalar ham qursa, ularni adabiybadiiy, maʼnaviyaxloqiy adabiyotlar, kundalik nashrlar bilan toʻldirsa, zoʻr ish boʻlardida. Deputatlarimiz bunday saxovatli ishlarni qoʻllabquvvatlashi aniq. Chunki maʼrifiy binolardan taraladigan ziyo xalqimizning buyuk kelajak sari yoʻlini yanada nurafshon qiladi.
Ahmadjon Meliboyev, jurnalist