Ijodiy- madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar faoliyati samaradorligi

    Bo'sh vaqtda 18 Noyabr 2021 4798

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyo-qarashi oʻzgarib boryapti.

    Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda
    “Milliy tiklanishdan- milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh gʻoyaning ahamiyati tobora ortib boryapti.

    Bugun har bir umumtaʼlim muassasasida ijodiy- maʼdaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etgan edi.
    Mazkur lavozim joriy etilgandan keyin, Respublikamizda, boʻlayotgani kabi Xorazm viloyati Bogʻot tumani umumtaʼlim maktablarida ham yangicha muhit, ijodkorlik nafasi kirib keldi.
    Natijada maktablarda ijodiy muhit paydo boʻldi, kitobxonlar klublari shakllandi, tasviriy sanʼat, musiqa, teatr, aktyorlik, jurnalistika sohalariga nisbatan oʻquvchilarda yanada qiziqish kuchaydi. Demak, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilgani bejiz emas ekan.
    Bogʻot tumanidagi 11-son umumtaʼlim maktabining ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi, jurnalist Otajon Polvonovning saʼy-harakatlari bilan, yosh ijodkorlarning ijod namunalari, sheʼrlari “Xorazm yoshlari” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Maktab boʻstoni” jamoa toʻplamlaridan oʻrin olyapti. Hattoki yosh ijodkorlarning ilk sheʼriy toʻplamlari ham chop etilyapti.
    Tumandagi 11-son umumtaʼlim maktabining 6- sinf oʻquvchisi Rustamboyeva Niginaning “Olam aro buyugim” va 9-son umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi Sultonova Dinoraning “Hayotimning bahori” nomli toʻplamlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, ijodkor oʻquvchilarning ijod namunalari, ularning kitobxonlikka oid fikrlari ham ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib borilyapti.
    Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bayrogʻi qabul qilinganligining 30 yillik munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Bogʻot tuman boʻlinmasi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida “Kelajagi bor isteʼdodlar” koʻrik-tanlovi tashkil etildi. 13-noyabrda Bogʻot tumani madaniyat saroyida mazkur tanlov gʻoliblari saralandi.
    “Kelajagi bor isteʼdodlar” tanlovi tumanimiz maktablaridan yangi isteʼdodlarni kashf etishga yordam berdi va ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarning ayni paytda umumtaʼlim maktablari uchun nechogʻlik zarur ekanligini isbotladi.

    Umida Otajonova,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Bogʻot tuman boʻlinmasi bosh mutaxassisi.