Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Muro­jaatnomasida isteʼdodli oʻgʻil-qizlari­miz taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan yangi Oʻzbekistoni­miz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani alohida taʼkidlangani taʼlim sohasiga ishonch va masʼuliyatni belgilab berdi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari ijro intizomi masalasiga alohida toʻxta­lib, taʼlim, sport va kasb-hunar sohasini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli is­lohotlar yangi bosqichga koʻtarilayotgani, bun­day sharoitda davlat boshqaruvida natija­dorlik va masʼuliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda taʼlim sifatini oshirish va bu orqali yoshlarimizni bilimli, ertangi kunga masʼul va daxldor insonlar qilib kamolga yetkazish eng ustuvor vazifalardan. Shu maʼnoda, sohaga doir qonunchilik hujjatlarida belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirishda barcha boʻgʻindagi rahbarlardan katta masʼuliyat va javobgarlik talab etiladi.

Bu islohotlarning asosiy maqsadi yoshlar­ni zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlash, jismoniy va maʼnaviy barkamol­ligini mustahkamlash hamda raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishdan iborat.

2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika, Shanxay hamkorlik tashkiloti­ga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhan­dislik yoʻnalishlarida xalqaro olimpiadalar oʻtkaziladi. Ushbu musobaqalar mamlakatimiz­ning ilm-fan sohasidagi salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etish, yoshlarimizni intel­lektual raqobatga tayyorlash va jahon miqyo­sidagi innovatsion jarayonlarga jalb etishga xizmat qiladi.

Bu kabi tadbirlar yoshlarning puxta bilim olishga qiziqishini oshirib, ularni oʻz yoʻna­lishida yetakchi mutaxassislar darajasiga yetaklashga imkon yaratadi, vatanimizni ilm-fan rivojlangan mamlakatga aylantirish, obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga zamin yaratadi.

Yurtimizdagi barcha islohotlar, jumladan, taʼlim, sport va kasb-hunar tizimidagi yangila­nishlar, Murojaatnomada belgilangan vazifa­lar yoshlarning kelajagini barqaror taʼminlash­ga qaratilgan. Biz birgalikda kelajak avlodni yanada bilimli, har tomonlama sogʻlom va ijti­moiy faol qilib tarbiyalashga intilamiz. Har bir mahalla, har bir maktab va har bir oila bu jarayonda faol ishtirok etishi zarur.

2026-yil 5-fevralda Oʻzbekiston Preziden­tining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi­ni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga koʻra:

— bir yillik maktabga tayyorlov guruhla­rining taʼlim dasturi majburiy umumiy oʻrta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida kiri­tiladi;

— maktabgacha taʼlim tizimida oʻyinga asoslangan taʼlim joriy etiladi;

— maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim xiz­matlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tash­kilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Umuman, mamlakatimizda taʼlim sohasi­ni tubdan isloh qilish, uning sifat va sama­radorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Davlat dasturla­ri, konsepsiyalar va qarorlar orqali belgilab berilayotgan vazifalarning hayotga toʻliq va oʻz vaqtida tatbiq etilishi esa, avvalo, ijro in­tizomiga bogʻliq. Chunki eng puxta reja va eng toʻgʻri qaror ham ijro mexanizmi sust boʻlsa, kutilgan natijani bermaydi.

Ijro intizomi bu — belgilangan vazifa­larni aniq muddatda, sifatli va masʼuliyat bilan bajarish tizimidir. Taʼlim tizimida u rahbarlardan tortib, pedagoglar, mutaxas­sislar va masʼul xodimlargacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniq­sa, taʼlim islohotlari koʻp bosqichli, uzviy va kompleks jarayon boʻlgani uchun ijro intizomi bu jarayonning “harakatlantiruvchi kuchi” sana­ladi.

Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha boʻgʻin­larda yangilanishlar kechmoqda. Oʻquv dastur­lari modernizatsiya qilinmoqda, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda, raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ushbu vazifalar­ning barchasi hujjatlarda aniq belgilangan boʻlsa-da, ularning joylarda qay darajada ba­jarilayotgani ijro intizomiga bogʻliq.

Bir soʻz bilan aytganda, islohotlarning samaradorligiga erishish uchun soat mexaniz­midek aniq ishlovchi ijro tizimi yaratildi hamda bu jarayon ayni paytda oʻz samarasini bermoqda.

Amaliyot koʻrsatadiki, ayrim paytlarda topshiriqlarga yuzaki yondashish, masʼuliyatni boshqa boʻgʻinga yuklash, hisobot uchun ishlash holatlari uchrab turadi. Bu esa islohotlar samaradorligini pasaytiradi. Shuning uchun ijro intizomini mustahkamlash, masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytirish bugungi kun tala­bi hisoblanadi.

Taʼlim muassasalarida rahbar kadrlar­ning oʻrni bu borada alohida ahamiyatga ega. Rahbarning shaxsiy masʼuliyati, talabchanligi va namunasi jamoada ijro madaniyatini shakllantiradi. Agar rahbar topshiriqlarning bajarilishini muntazam nazorat qilsa, muam­molarni oʻz vaqtida aniqlab, yechimini topish­ga intilsa, ijro intizomi tabiiy ravishda mustahkamlanadi.

Shuningdek, pedagoglarning ijro inti­zomiga munosabati ham taʼlim sifati bilan chambarchas bogʻliq. Darslarga puxta tayyorgar­lik koʻrish, oʻquv reja va dasturlarni toʻliq bajarish, yangi metod va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish — bularning barchasi ijro intizomining amaliy koʻrinishlaridir. Masʼuliyatli va intizomli pedagog sifatli taʼlim kafolatidir.

Bugungi raqamlashtirish jarayonlari ijro intizomini kuchaytirish uchun keng imkoniyat­lar yaratmoqda. Elektron nazorat tizimlari, onlayn hisobotlar va monitoring mexanizmlari vazifalarning bajarilishini shaffof va tezkor kuzatish imkonini bermoqda. Bu esa ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytirib, real nati­jaga yoʻnaltirilgan faoliyatni taʼminlaydi.

Shu maʼnoda aytganda, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlar samarasi, birinchi navbatda, davlat organlari va tash­kilotlarning barcha boʻgʻinlarida ijro inti­zomining zarur darajada tashkil etilishiga bogʻliqdir.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirli­gi tizimida ijro intizomini mustahkam­lash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentimizning farmon, qaror va farmoyishlari, Prezident Administratsiyasi rah­bari hamda Vazirlar Mahkamasining topshi­riqlari ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli bajarishga alohida eʼtibor qaratil­moqda.

2026-yil davomida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Maktabgacha va maktab taʼlimi vazir­ligiga Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, Oʻz­bekiston Respublikasi Prezidentining far­moni, qarori, farmoyishlarida 1786 ta hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida 257 ta top­shiriq va vazifa belgilangan.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, vazirlik­ka 2023-yilda 166 ta qonunchilik hujjatida belgilangan 1725 ta, 2024-yilda 185 ta qonun­chilik hujjatida belgilangan 1047 ta topshi­riq kelib tushgan. Vazirlik tomonidan 2025-yilda qonunchilik hujjatlarida belgilangan 1483 ta topshiriqning ijrosi taʼminlangan. Shu bilan birga, 2026-yilda 1786 ta topshiriq­ni sifatli va oʻz vaqtida taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.

Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijro­sini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligi­ni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbir­lari toʻgʻrisida”gi farmonlari davlat idoralari va tashkilotlarining ijro tizimida qatʼiy in­tizom oʻrnatishga huquqiy zamin yaratdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratil­gan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga masʼul boʻlinmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi roli hamda davlat organlari va tashkilotlari rah­barlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish borasida mustahkam huquqiy asos boʻlib xiz­mat qilmoqda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi­ning 2025-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qa­rorlari ijrosini nazorat qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, hukumat qarorlari ijro­sini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi. Shu asosda normativ-huquqiy hujjat­larni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik hamda aho­liga tezkor yetkazish yuzasidan yagona tizimning joriy etilgani islohotlar samarasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida mazkur normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini samarali taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qator ishlar qilinmoqda. Ushbu masʼuliyatli va muhim vazifalar ijrosi­ni taʼminlash maqsadida vazirlikda har haf­ta yakuni boʻyicha ijro muddati yaqinlashayotgan hujjatlar tahlil qilinib, zarur hollarda te­gishli mutaxassislarni jalb etish orqali top­shiriq va vazifalarni belgilangan muddatidan avval bajarish choralari koʻrilmoqda.

Vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hi­soblanadi. Ijro intizomi qabul qilingan qarorlar, farmoyishlar va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, sifatli va toʻliq bajarishni taʼminlashga qaratilgan tizimli faoliyatdir. Vazirlikning markaziy apparati tomonidan hujjatlar ijrosi boʻyicha aniq va­zifalar, muddatlar va masʼul ijrochilar bel­gilanadi hamda ularning bajarilishi usti­dan doimiy nazorat olib boriladi. Hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) boʻlimlari to­monidan topshiriqlarni joylarda oʻz vaqtida va samarali ijro etish, mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda hisobotlarni taqdim etish taʼminlanadi.

Prezidentimizning 2025-yil 25-iyuldagi farmoniga muvofiq, davlat organlari va tash­kilotlarda ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinmalarni alohida mustaqil tuzilma si­fatida shakllantirish hamda ularni bevosita birinchi rahbarga boʻysundirish belgilangan. Bu norma davlat boshqaruvi tizimida ijro samaradorligini oshirish, rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish va qabul qilinayotgan qaror hamda topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, vazirlik ti­zimida mazkur talablar ijrosini taʼminlash maqsadida ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinma alohida mustaqil tuzilma sifatida tashkil etildi va u bevosita birinchi rahbar­ga boʻysundirildi. Bu orqali ijro jarayoni ustidan doimiy va tizimli nazorat oʻrnatildi, topshiriqlar bajarilishi yuzasidan tezkor ax­borot almashinuvi mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Bevosita birinchi rahbarga boʻysundirish mexanizmi ijro intizomiga nisbatan talabchanlikni yanada oshirdi. Topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan axborotlar toʻgʻridan toʻgʻri rahbariyatga kiritilishi natijasi­da muammolar oʻz vaqtida aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda. Har bir tarkibiy boʻlinma va masʼul xodim faoliyati natija asosida tahlil qilinib, ijro holati boʻyicha tizimli monito­ring olib borilmoqda. Bu esa vazirlik tizimi faoliyatida intizom, masʼuliyat va natijador­likni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, vazirlik tizimi boʻyicha katta natijalarga erishilmoqda.

I. Maktabgacha taʼlim tizimida:

1. Yangi turdagi maktabgacha taʼlim tashki­lotlarining tizimga kirib kelishi natijasida davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilot­lari soni 38 mingtaga yetib, qariyb 8 barobar oshdi (2017-yilda 5200 tani tashkil etgan).

Zamonaviy loyihalar asosida yangidan 594 ta bogʻcha tashkil etildi, mavjud 3,1 mingtasi rekonstruksiya qilinib, 588 mingta yangi quvvat yaratildi.

“Ilk qadam” dasturi qabul qilinishi va yangi oʻrinlar yaratilishi natijasida 3-7 yoshli bolalarning qamrov darajasi 78 foizga (2017-yilda 27 foizni tashkil etgan), 6 yoshli­larning qamrovi 98 foizga yetkazildi.

2. 2022-yilda Toshkent shahrida YUNESKO­ning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha jahon konferen­siyasi oʻtkazilib, keyingi 10 yilda maktabgacha taʼlim sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniqlab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi qa­bul qilindi.

II. Maktab taʼlimi tizimida:

1. 14 ta Prezident, 9 ta ijod, 2 ta sport va 203 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.

2. Pedagog-xodimlar tomonidan yuritila­digan hujjatlar kamaytirildi. Xususan, oʻqi­tuvchilarning hisobotlari 1 ta (ilgari 7 ta), direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari hujjatlari 2 ta (ilgari 10 ta), maʼnaviy-maʼ­rifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari hujjatlari 7 ta (ilgari 18 ta), sinf rahbarlari hujjatlari 4 ta (ilgari 10 ta) etib belgilandi.

3. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish oʻrtacha ball koʻrsatkichi oxirgi besh yilda 69,8 balldan 80,9 ballga oshdi.

4. Xalqaro fan olimpiadalarida 596 ta (80 ta oltin, 204 ta kumush, 312 ta bronza) medal qoʻlga kiritildi (2010-2016-yillarda 71 ta). Bu oʻtgan davrdagiga nisbatan deyarli 8 barobar koʻp degani.

5. Orolboʻyi hududida oʻquvchilar bepul ovqatlanishi tizimi joriy qilindi. Nati­jada Qoraqalpogʻiston Respublikasi (734 ta maktab) va Xorazm viloyatidagi (545 ta maktab) boshlangʻich sinf oʻquvchilarining bepul ovqat­lanishi yoʻlga qoʻyildi.

6. Oxirgi sakkiz yil davomida 5516 ta (280 ta yangi qurilish, 2871 ta rekonstruk­siya va 2365 ta mukammal taʼmirlash) mak­tabda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi (2010-2016-yillarda 2225 ta maktab). Nati­jada 761 ming yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi.

Bir soʻz bilan aytganda, qonunchilik huj­jatlari va topshiriqlarining ijro holati har hafta juma kuni vazirning birinchi oʻrin­bosari huzurida, har hafta dushanba kuni va­zir huzurida, har oyda vazirlik hayʼati maj­lislarida doimiy tanqidiy muhokama qilib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tar­moqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi — barcha-barcha soha­larni rivojlantirishda tub burilish yili boʻlishini taʼkidladiki, bu joriy yilda Mak­tabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oldida ulkan marralar turganini anglatadi. Biz ushbu qoʻyilgan marraga erishish uchun bor kuch-gʻayra­timiz va salohiyatimizni safarbar etamiz.

Eʼzozxon KARIMOVA,

maktabgacha va maktab

taʼlimi vaziri