Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasida isteʼdodli oʻgʻil-qizlarimiz taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan yangi Oʻzbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani alohida taʼkidlangani taʼlim sohasiga ishonch va masʼuliyatni belgilab berdi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari ijro intizomi masalasiga alohida toʻxtalib, taʼlim, sport va kasb-hunar sohasini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar yangi bosqichga koʻtarilayotgani, bunday sharoitda davlat boshqaruvida natijadorlik va masʼuliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi.
Bugungi kunda taʼlim sifatini oshirish va bu orqali yoshlarimizni bilimli, ertangi kunga masʼul va daxldor insonlar qilib kamolga yetkazish eng ustuvor vazifalardan. Shu maʼnoda, sohaga doir qonunchilik hujjatlarida belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirishda barcha boʻgʻindagi rahbarlardan katta masʼuliyat va javobgarlik talab etiladi.
Bu islohotlarning asosiy maqsadi yoshlarni zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlash, jismoniy va maʼnaviy barkamolligini mustahkamlash hamda raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishdan iborat.
2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida xalqaro olimpiadalar oʻtkaziladi. Ushbu musobaqalar mamlakatimizning ilm-fan sohasidagi salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etish, yoshlarimizni intellektual raqobatga tayyorlash va jahon miqyosidagi innovatsion jarayonlarga jalb etishga xizmat qiladi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning puxta bilim olishga qiziqishini oshirib, ularni oʻz yoʻnalishida yetakchi mutaxassislar darajasiga yetaklashga imkon yaratadi, vatanimizni ilm-fan rivojlangan mamlakatga aylantirish, obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga zamin yaratadi.
Yurtimizdagi barcha islohotlar, jumladan, taʼlim, sport va kasb-hunar tizimidagi yangilanishlar, Murojaatnomada belgilangan vazifalar yoshlarning kelajagini barqaror taʼminlashga qaratilgan. Biz birgalikda kelajak avlodni yanada bilimli, har tomonlama sogʻlom va ijtimoiy faol qilib tarbiyalashga intilamiz. Har bir mahalla, har bir maktab va har bir oila bu jarayonda faol ishtirok etishi zarur.
2026-yil 5-fevralda Oʻzbekiston Prezidentining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga koʻra:
— bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim dasturi majburiy umumiy oʻrta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi;
— maktabgacha taʼlim tizimida oʻyinga asoslangan taʼlim joriy etiladi;
— maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Umuman, mamlakatimizda taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, uning sifat va samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Davlat dasturlari, konsepsiyalar va qarorlar orqali belgilab berilayotgan vazifalarning hayotga toʻliq va oʻz vaqtida tatbiq etilishi esa, avvalo, ijro intizomiga bogʻliq. Chunki eng puxta reja va eng toʻgʻri qaror ham ijro mexanizmi sust boʻlsa, kutilgan natijani bermaydi.
Ijro intizomi bu — belgilangan vazifalarni aniq muddatda, sifatli va masʼuliyat bilan bajarish tizimidir. Taʼlim tizimida u rahbarlardan tortib, pedagoglar, mutaxassislar va masʼul xodimlargacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, taʼlim islohotlari koʻp bosqichli, uzviy va kompleks jarayon boʻlgani uchun ijro intizomi bu jarayonning “harakatlantiruvchi kuchi” sanaladi.
Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarda yangilanishlar kechmoqda. Oʻquv dasturlari modernizatsiya qilinmoqda, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda, raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ushbu vazifalarning barchasi hujjatlarda aniq belgilangan boʻlsa-da, ularning joylarda qay darajada bajarilayotgani ijro intizomiga bogʻliq.
Bir soʻz bilan aytganda, islohotlarning samaradorligiga erishish uchun soat mexanizmidek aniq ishlovchi ijro tizimi yaratildi hamda bu jarayon ayni paytda oʻz samarasini bermoqda.
Amaliyot koʻrsatadiki, ayrim paytlarda topshiriqlarga yuzaki yondashish, masʼuliyatni boshqa boʻgʻinga yuklash, hisobot uchun ishlash holatlari uchrab turadi. Bu esa islohotlar samaradorligini pasaytiradi. Shuning uchun ijro intizomini mustahkamlash, masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytirish bugungi kun talabi hisoblanadi.
Taʼlim muassasalarida rahbar kadrlarning oʻrni bu borada alohida ahamiyatga ega. Rahbarning shaxsiy masʼuliyati, talabchanligi va namunasi jamoada ijro madaniyatini shakllantiradi. Agar rahbar topshiriqlarning bajarilishini muntazam nazorat qilsa, muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, yechimini topishga intilsa, ijro intizomi tabiiy ravishda mustahkamlanadi.
Shuningdek, pedagoglarning ijro intizomiga munosabati ham taʼlim sifati bilan chambarchas bogʻliq. Darslarga puxta tayyorgarlik koʻrish, oʻquv reja va dasturlarni toʻliq bajarish, yangi metod va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish — bularning barchasi ijro intizomining amaliy koʻrinishlaridir. Masʼuliyatli va intizomli pedagog sifatli taʼlim kafolatidir.
Bugungi raqamlashtirish jarayonlari ijro intizomini kuchaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Elektron nazorat tizimlari, onlayn hisobotlar va monitoring mexanizmlari vazifalarning bajarilishini shaffof va tezkor kuzatish imkonini bermoqda. Bu esa ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytirib, real natijaga yoʻnaltirilgan faoliyatni taʼminlaydi.
Shu maʼnoda aytganda, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlar samarasi, birinchi navbatda, davlat organlari va tashkilotlarning barcha boʻgʻinlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bogʻliqdir.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida ijro intizomini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentimizning farmon, qaror va farmoyishlari, Prezident Administratsiyasi rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli bajarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2026-yil davomida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishlarida 1786 ta hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida 257 ta topshiriq va vazifa belgilangan.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, vazirlikka 2023-yilda 166 ta qonunchilik hujjatida belgilangan 1725 ta, 2024-yilda 185 ta qonunchilik hujjatida belgilangan 1047 ta topshiriq kelib tushgan. Vazirlik tomonidan 2025-yilda qonunchilik hujjatlarida belgilangan 1483 ta topshiriqning ijrosi taʼminlangan. Shu bilan birga, 2026-yilda 1786 ta topshiriqni sifatli va oʻz vaqtida taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari davlat idoralari va tashkilotlarining ijro tizimida qatʼiy intizom oʻrnatishga huquqiy zamin yaratdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga masʼul boʻlinmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi roli hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish borasida mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, hukumat qarorlari ijrosini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi. Shu asosda normativ-huquqiy hujjatlarni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik hamda aholiga tezkor yetkazish yuzasidan yagona tizimning joriy etilgani islohotlar samarasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida mazkur normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini samarali taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qator ishlar qilinmoqda. Ushbu masʼuliyatli va muhim vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlikda har hafta yakuni boʻyicha ijro muddati yaqinlashayotgan hujjatlar tahlil qilinib, zarur hollarda tegishli mutaxassislarni jalb etish orqali topshiriq va vazifalarni belgilangan muddatidan avval bajarish choralari koʻrilmoqda.
Vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ijro intizomi qabul qilingan qarorlar, farmoyishlar va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, sifatli va toʻliq bajarishni taʼminlashga qaratilgan tizimli faoliyatdir. Vazirlikning markaziy apparati tomonidan hujjatlar ijrosi boʻyicha aniq vazifalar, muddatlar va masʼul ijrochilar belgilanadi hamda ularning bajarilishi ustidan doimiy nazorat olib boriladi. Hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan topshiriqlarni joylarda oʻz vaqtida va samarali ijro etish, mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda hisobotlarni taqdim etish taʼminlanadi.
Prezidentimizning 2025-yil 25-iyuldagi farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinmalarni alohida mustaqil tuzilma sifatida shakllantirish hamda ularni bevosita birinchi rahbarga boʻysundirish belgilangan. Bu norma davlat boshqaruvi tizimida ijro samaradorligini oshirish, rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish va qabul qilinayotgan qaror hamda topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, vazirlik tizimida mazkur talablar ijrosini taʼminlash maqsadida ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinma alohida mustaqil tuzilma sifatida tashkil etildi va u bevosita birinchi rahbarga boʻysundirildi. Bu orqali ijro jarayoni ustidan doimiy va tizimli nazorat oʻrnatildi, topshiriqlar bajarilishi yuzasidan tezkor axborot almashinuvi mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Bevosita birinchi rahbarga boʻysundirish mexanizmi ijro intizomiga nisbatan talabchanlikni yanada oshirdi. Topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan axborotlar toʻgʻridan toʻgʻri rahbariyatga kiritilishi natijasida muammolar oʻz vaqtida aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda. Har bir tarkibiy boʻlinma va masʼul xodim faoliyati natija asosida tahlil qilinib, ijro holati boʻyicha tizimli monitoring olib borilmoqda. Bu esa vazirlik tizimi faoliyatida intizom, masʼuliyat va natijadorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, vazirlik tizimi boʻyicha katta natijalarga erishilmoqda.
I. Maktabgacha taʼlim tizimida:
1. Yangi turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tizimga kirib kelishi natijasida davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 38 mingtaga yetib, qariyb 8 barobar oshdi (2017-yilda 5200 tani tashkil etgan).
Zamonaviy loyihalar asosida yangidan 594 ta bogʻcha tashkil etildi, mavjud 3,1 mingtasi rekonstruksiya qilinib, 588 mingta yangi quvvat yaratildi.
“Ilk qadam” dasturi qabul qilinishi va yangi oʻrinlar yaratilishi natijasida 3-7 yoshli bolalarning qamrov darajasi 78 foizga (2017-yilda 27 foizni tashkil etgan), 6 yoshlilarning qamrovi 98 foizga yetkazildi.
2. 2022-yilda Toshkent shahrida YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha jahon konferensiyasi oʻtkazilib, keyingi 10 yilda maktabgacha taʼlim sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniqlab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
II. Maktab taʼlimi tizimida:
1. 14 ta Prezident, 9 ta ijod, 2 ta sport va 203 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.
2. Pedagog-xodimlar tomonidan yuritiladigan hujjatlar kamaytirildi. Xususan, oʻqituvchilarning hisobotlari 1 ta (ilgari 7 ta), direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari hujjatlari 2 ta (ilgari 10 ta), maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari hujjatlari 7 ta (ilgari 18 ta), sinf rahbarlari hujjatlari 4 ta (ilgari 10 ta) etib belgilandi.
3. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish oʻrtacha ball koʻrsatkichi oxirgi besh yilda 69,8 balldan 80,9 ballga oshdi.
4. Xalqaro fan olimpiadalarida 596 ta (80 ta oltin, 204 ta kumush, 312 ta bronza) medal qoʻlga kiritildi (2010-2016-yillarda 71 ta). Bu oʻtgan davrdagiga nisbatan deyarli 8 barobar koʻp degani.
5. Orolboʻyi hududida oʻquvchilar bepul ovqatlanishi tizimi joriy qilindi. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi (734 ta maktab) va Xorazm viloyatidagi (545 ta maktab) boshlangʻich sinf oʻquvchilarining bepul ovqatlanishi yoʻlga qoʻyildi.
6. Oxirgi sakkiz yil davomida 5516 ta (280 ta yangi qurilish, 2871 ta rekonstruksiya va 2365 ta mukammal taʼmirlash) maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi (2010-2016-yillarda 2225 ta maktab). Natijada 761 ming yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Bir soʻz bilan aytganda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarining ijro holati har hafta juma kuni vazirning birinchi oʻrinbosari huzurida, har hafta dushanba kuni vazir huzurida, har oyda vazirlik hayʼati majlislarida doimiy tanqidiy muhokama qilib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻlishini taʼkidladiki, bu joriy yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oldida ulkan marralar turganini anglatadi. Biz ushbu qoʻyilgan marraga erishish uchun bor kuch-gʻayratimiz va salohiyatimizni safarbar etamiz.
Eʼzozxon KARIMOVA,
maktabgacha va maktab
taʼlimi vaziri