Davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirish va aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash borasida muhim vazifalarni oldimizga qoʻyar ekan, “2025-yil — ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda hal qiluvchi yil boʻladi”, deya taʼkidladi.

Xalqimiz oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi, obod turmush kechirishi, salomatligini tiklashi, farzandlarining taʼlim-tarbiya olishi borasida qatʼiy amalga oshirishimiz lozim boʻlgan ustuvor vazifalarni ado etish har birimizdan katta masʼuliyat talab etadi.

Bu saʼy-harakatlarning samarali amalga oshishi va natijadorlikka erishishda, albatta, ijro intizomi muhim oʻrin tutadi.

Shaxsiy masʼuliyat, temir intizom, kasbiy gʻurur va professional mahorat ijro intizomining mustahkam poydevoridir.

Belgilangan vazifalarga erishishning asosiy jihatlari sohani tizimli oʻrganish va amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish natijasida ayon boʻladiki, har bir rahbar va xodimning erishgan muvaffaqiyatlari asosi ijro intizomi hisoblanadi.

Barcha vazirlik va idoralarda ijro intizomini taʼminlash maqsadida ­“Ijro.gov.uz” idoralararo elektron tizimi joriy etilgan, ushbu tizim orqali qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tahlil qilish va hisobini yuritish imkoni mavjud. Mana shu imkoniyatlardan kelib chiqib, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida ijro intizomi “markaziy apparat — tasarrufiy tashkilotlar — hududiy boʻlinmalar” shaklida texnologik zanjir asosida tashkil etilgan.

Shu bilan birga, Prezidentimizning 2023-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, qogʻozsiz ish yuritishga oʻtish jarayonini jadallashtirish maqsadida “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushirilgan.

Bu esa, oʻz navbatida, elektron hujjatlar almashinuvini tezlashtirish, topshiriqlar ijro holatini real vaqt rejimida kuzatish va ijro muddatini buzgan masʼullarga qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish imkonini beradi.

2024-yilda “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimi orqali jami 44,3 mingta topshiriq roʻyxatga olindi.

Xususan, Prezidentimizning farmon, qaror va majlis bayonlarida 1 843 ta, Prezident Administratsiyasi hujjatlarida 371 ta, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida 994 ta, hukumat komissiyasi topshiriqlarida 175 ta, Bosh vazir rahbarligidagi yigʻilish bayonlari va topshiriq (rezolyutsiya)larida 1277 ta, shuningdek, vazirlik va idoralardan kelib tushgan hujjatlardagi 41 ming 612 ta vazifa ijroga qaratilgan.

Belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish uchun “Ijro.gov.uz” yagona elektron tizimida nazoratga olingan har bir topshiriqqa kalendar reja hamda vazir oʻrinbosarlari kesimida “yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, topshiriqlar ijrosi kunbay nazorat qilib borilmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori asosida “Ijro.gov.uz” yagona elektron tizimidagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan har hafta dushanba kuni rahbar huzurida, har haftaning juma kuni esa rahbar oʻrinbosari huzurida tanqidiy muhokama oʻtkazish hamda Nazorat va ijro intizomi boʻlimi ijro uchun topshiriq biriktirilgan xodimlar bilan individual tarzda ishlash va ularga koʻmaklashish tartibi yoʻlga qoʻyilgan.

Bu amaliy chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda. 2024-yilda ­“Ijro.gov.uz” yagona elektron tizimida nazoratga olingan jami 1843 ta topshiriqdan 1732 tasi yoki 94 foizining ijrosini muddatidan oldin taʼminlashga erishildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2025-yilning I choragida “Ijro.gov.uz” yagona elektron tizimida 522 ta topshiriq (yanvar — 202 ta, fevral — 205 ta, mart — 115 ta) ijrosi belgilangan muddatlarda sifatli taʼminlanishi kunbay nazoratga olingan.

Ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida, samarali va toʻliq hajmda amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek, ijro intizomini yanada mustahkamlash, ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarining ish yuritish malakasi va kasbiy darajasini oshirish maqsadida 2025-yilning yanvar mart oylarida iqtisodiy oʻqishlarni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Shunga muvofiq, joriy yil 24-yanvar kuni vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududiy boʻlinmalarining rahbar va mutaxassislari ishtirokida iqtisodiy oʻqish oʻtkazildi.

Bu kabi oʻqishlar har oyda belgilangan jadvalga asosan, muntazam oʻtkazib boriladi. Mazkur seminarlarda Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligi masʼul xodimlari ham ishtirok etib kelmoqda.

Ijro intizomi masalasi vazirlikning kengaytirilgan majlislarida muntazam muhokama qilinib, boshqaruv tizimining eng quyi boʻgʻinigacha rahbar va masʼul xodimlarning shaxsiy javobgarligiga eʼtibor qaratiladi. Ijro intizomiga toʻgʻri yondashuvni amalga oshirish uchun vazifa biriktirilgan masʼul xodim, avvalo, topshiriqlarni toʻgʻri tushunishi zarur, bu esa oʻz-oʻzidan belgilangan vazifani toʻliq bajarishga tayyor boʻlishini taʼminlaydi.

Har bir topshiriq zamirida insonlar hayoti va taqdiri, orzu-maqsadlari, farzandlarimiz kelajagi, vatan ravnaqiga daxldor vazifalar mavjud. Buni bugun bajarmasak, oʻylagan hamda kutgan natijalarimizga erisha olmaymiz.

2024-yilda 5 million kishining bandligiga koʻmaklashish dasturi ishlab chiqilib, yil mobaynida 5 million 265 ming aholi daromadli ish bilan taʼminlandi. 326 mingta mikroloyiha ishga tushirilishi hisobiga 578 mingdan ortiq yangi ish oʻrni ochildi.

Yerni ehtiyojmand oilalarga ijaraga berish, ularning dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishini qoʻllab-quvvatlash orqali ham kutilgan natijalarga erishildi. Ijaraga berilgan 61,4 ming gektar ekin maydonidan foydalanib, 158 ming 400 aholi daromad manbaiga ega boʻldi.

Aholining qulay va moʻmay daromad topishida oilaviy tadbirkorlikning oʻrni juda muhim ekani, kichik biznesni rivojlantirishda uning ahamiyati kattaligini yaxshi anglaymiz. Ana shundan kelib chiqib, oʻtgan yilda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish das­turi doirasida 372 mingta loyiha imtiyozli kredit bilan qoʻllab-quvvatlandi.

Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida oʻquv kurslarida 54 mingdan ziyod tadbirkor oʻqitildi. Maxsus oʻquvlarni tamomlagan tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilsa, albatta, yanada yuqori natijalarga erishiladi. Mana shularni inobatga olib, kompleks dastur doirasida kursda qoʻshimcha taʼlim olgan tadbirkorlarning 90 foiziga kredit ajratildi.

Shu bilan birga, 67 ming 700 nafar ishsiz, ayniqsa, kambagʻal oila aʼzolarining tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandlik faoliyatini ragʻbatlantirishga subsidiyalar ajratildi.

Mamlakatimiz yoshlar mamlakati, deya eʼtirof etiladi. Bu bejiz emas, har yili yurtimiz taʼlim muassasalarini gʻayrat-shijoatga toʻla bir necha yuz ming oʻgʻil-qiz tamomlaydi. Ularning bandligini taʼminlash esa oldimizdagi dolzarb vazifalarimizdan biri sanaladi.

2024-yilda oʻquv muassasalarini 754 ming yigit-qiz tamomlagan. Ularning 417 ming nafarini ish bilan band qilishga koʻmaklashildi.

Oʻtgan yil davomida 234 ming 300 nafar ishsiz yurtdoshimiz kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqishga jalb etildi.

Har qanday sohada yaxshi daromadga ega boʻlish uchun, avvalo, kasbni yaxshi oʻzlashtirish, yoʻnalishda taʼlim va malakani egallash muhim. Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kasb-hunar oʻrganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. Oʻtgan yilda 118 ming 800 talabgor kasbga oʻqitish kurslarida zarur bilim va malakaga ega boʻldi.

Prezidentimiz boshchiligida kamba­gʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi, ushbu sohada erishilgan ijobiy natijalar va toʻplangan milliy tajribalarni roʻyobga chiqarish uchun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilindi.

Mamlakatimiz boʻyicha eng ogʻir ahvoldagi 1024 ta mahalla respublika darajasidagi rahbarlarga biriktirilib, ularning infratuzilmasini yaxshilash dasturi ishlab chiqildi. Ushbu toifadagi mahallalarda tomorqani sugʻorish tarmogʻini yaxshilash boʻyicha joylarga chiqqan holda oʻrganishlar oʻtkazildi.

Respublikamizda barqaror va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlanganligi kambagʻallik darajasini 2023-yildagi 11 foizdan 2024-yilda 8,9 foizga qisqartirishga imkon yaratdi.

2025-yilda 1,5 million aholini kambagʻallikdan chiqarish orqali kambagʻallik darajasini 6 foizgacha tushirish rejalashtirildi.

Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi islohotlarni amalga oshirishda ijro intizomi asosiy harakatlantiruvchi omil ekanini doim anglab, kuch-gʻayratimizni oʻzimizga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga safarbar etishimiz lozim.

Botir ZOHIDOV,

Kambagʻallikni qisqartirish

va bandlik vaziri