Maʼlumki, Adliya vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralarda mutlaqo yangicha yondashuv asosida joriy etilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijro etish tizimining mazmunini tushuntirish, oʻzaro hamkorlikning kelgusidagi masalalari boʻyicha amaliy uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda.
Bunday uchrashuvlarni tashkil etishdan asosiy maqsad qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq masalalarni qoʻyish, sohaga xos boʻlmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni qisqartirish, ularda ortiqcha qogʻozbozlik va majlisbozlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Muntazamlik kasb etib borayotgan amaliy uchrashuvlarda Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmak koʻrsatib kelinmoqda. Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi Xalq taʼlimi vazirligida oʻtkazildi.
Uchrashuvda, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonun hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilganligi va yangicha tizimni joriy etishdan koʻzlangan pirovard maqsad haqida Vazirlik xodimlariga tushuntirish berildi. Farmon talablaridan kelib chiqib, endilikda adliya vaziri oʻrinbosarlari oʻzlariga biriktirilgan davlat organlari
va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlashga huquqiy-uslubiy koʻmaklashib borishi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning aniq amaliy natijalarga erishilishi taʼminlanmasdan, yuzaki bajarilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrishlari va ularning oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan taʼsirchan monitoring taʼminlanishi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, xususan, Prezident hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga doir faoliyati tahlil qilinib, eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan masalalar haqida fikr almashildi.
Xususan, 2020-yilda kiritilgan loyihalarning 1 tasi reglament talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi, jami hisobda ushbu yilda kiritilgan 23 ta loyihaning 9 tasi (39%) qayta ishlash uchun qaytarilganligi ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etishi alohida qayd etib oʻtildi.
Shu bilan birga, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kelib tushgan 365 ta prezident hujjatlaridagi 2600 dan ortiq topshiriqlarning ijro holati, muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Amaliy uchrashuv yakunida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish va nazoratini olib borishni yana-da yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi