Shuning uchun ham yangilangan Bosh qonunimiz “xalq Konstitutsiyasi” deya taʼrif oldi.
Avvalambor, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat”, deb oʻzgartirgani, yaʼni, avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qoʻyishni maqsad qilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Yangilangan Konstitutsiyada Oʻzbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar uch barobar oshdi. “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezonga aylandi.
Masalan, har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, odamlarning hayotdan rozilik darajasini oshirdi.
Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi belgilandi. Umuman, Konstitutsiyada aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirildi. Bu aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish, hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega.
Konstitutsiyaga koʻplab konseptual yangi normalar kiritildi. Misol uchun, 20-moddada insonning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilandi.
Davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati kuchaytirildi.
Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi ham mustahkamlandi.
Har kim ishsizlikda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordam miqdorlari eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilandi.
Yuqoridagi siyosiy jarayonga hamohang tarzda 2023-yil 9-iyul kuni yurtimizda yana bir muhim siyosiy tadbir – muddatidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazildi. Xalqimiz saylovda faol qatnashdi. Jizzax viloyati saylovchilari ovoz berish jarayonida 91.16 foiz natija bilan mamlakatimizda yetakchilik qildi. Bu raqamlardan ham koʻrishimiz mumkinki, fuqarolarimiz oʻz kelajagi va farzandlari taqdiriga befarq emas.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar barcha sohalarda, aholi turmush darajasida namoyon boʻlmoqda.
Xususan, ilgari sanoati asosan un, yogʻ va paxtadan iborat boʻlgan Jizzax viloyatida bugungi kunda qurilish materiallari, toʻqimachilik, elektrotexnika, optik tola, avtomobilsozlik kabi yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan tarmoqlar paydo boʻldi. Oxirgi 6,5 yilda hudud iqtisodiyoti 1,4-marta oʻsib, 27 trillion soʻmni tashkil etdi. Bunda sanoat hajmi 2 milliard dollar qiymatidagi loyihalar hisobiga 1,8 barobar koʻpaydi, uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2 karra oshib, 20 foizga yaqinlashdi. Sanoat hududning barcha tumanlariga kirib, aholi daromadlarini oshirdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida jami 400 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 16 foizdan 75 foizga, oliy taʼlimda esa 14 foizdan 34 foizga yetdi. Tibbiyot muassasalari soni 280 tadan 450 taga oshdi. Mahallalarga 700 kilometrdan ziyod suv tarmoqlari oʻtkazilib, 250 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi. 6,5 ming oilani uy-joy bilan taʼminlash uchun 2 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kredit ajratildi. Natijada aholining turmush sharoiti yaxshilandi, ertangi kunga ishonchi kuchaydi.
Prezidentimizning Jizzax viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha beshta strategik yoʻnalishdagi reja bayon etildi.
“Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida, avvalo, shu sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi. Amalga oshirilgan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida maktabgacha taʼlimga qamrov 27 foizdan 72 foizga, oliy taʼlim bilan qamrov esa 9 foizdan 38 foizga oshdi, maktablarda qoʻshimcha 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Prezidentimiz aytganidek, bu ishlar aslo toʻxtab qolmaydi. 2030-yilgacha Jizzax viloyatida 400 ta yangi bogʻcha va yangi maktab quriladi, mavjudlarining quvvati oshiriladi. Natijada maktabgacha taʼlim qamrovi 100 foizga yetkaziladi.
Aholi salomatligini asrash doirasida 85 ta tibbiyot muassasasi quriladi va taʼmirlanadi. Xususan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiali, perinatal markaz ishga tushiriladi.
Aholining uy-joyga ehtiyojini qondirish maqsadida 25 ming oilaga moʻljallangan 500 ta koʻp qavatli uy barpo etiladi.
Viloyatda eng dolzarb boʻlgan ichimlik suvi masalasi boʻyicha Zarafshon daryosidan 160 kilometr magistral quvur tortilib, 600 ming aholining suv taʼminoti yaxshilanadi. Hududning markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti 90 foizga yetkaziladi.
Qayd etish joizki, ayni paytda aholisi 1 million 443 mingdan ortiq boʻlgan Jizzax viloyatida markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 62 foizni tashkil etadi. Lekin bugun viloyatning 38 foiz aholisi hamon muqobil ichimlik suvi manbalaridan foydalanib kelmoqda. Ushbu va boshqa davlat dasturlari ijrosini taʼminlash maqsadida aholining toza ichimlik suviga boʻlgan talabini toʻla qondirishda Prezidentimizning 2018-yil 4-maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muammoni hal etishning muhim omili boʻlmoqda.
Yuqoridagi qaror asosida “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash” loyihasi toʻliq amalga oshirilgach, suv tanqisligi kuzatilayotgan Jizzax shahri, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Zafarobod, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari aholisining toza ichimlik suviga boʻlgan talabi yaxshilanadi. Bu, oʻz navbatida, aholining obi-hayot bilan taʼminlanishi barobarida hududlarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
2030-yilga qadar viloyatda kambagʻallik darajasini 16 foizdan 5 foizga qisqartirish, 370 ming aholi bandligini taʼminlash maqsad qilingan. Buning uchun har bir tumanda ishsiz aholini kasbga tayyorlaydigan mono-markazlar tashkil etiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 5 trillion soʻm imtiyozli kredit ajratilib, loyihalar “qoʻl mehnati”dan sanoatlashgan ishlab chiqarish bosqichiga oʻtkaziladi.
Barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida keyingi 7 yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2 barobar oshiriladi. Sanoat mahsulotlari eksporti 6 karra oshirilib, 1 milliard dollarga yetkaziladi. Viloyatga 14 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 6 mingdan ziyod loyiha ishga tushiriladi.
Prezidentimiz mamlakatimizda aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha yangi islohot asoschisi va muallifi boʻldi. Ehtiyojmandlarni hisobga olish, kasbga oʻqitish, tadbirkorligiga koʻmaklashish orqali ularning bandligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi.
Ushbu davrda 2 milliondan ortiq yoki 2017-yilga nisbatan 5 barobar koʻp oila davlatning ijtimoiy himoyasi bilan toʻliq qamrab olindi.
Tariximizda ilk bor 200 ming gektar sugʻoriladigan paxta va gʻalla ekiladigan yerlar 2 milliondan ziyod aholiga, birinchi navbatda, ehtiyojmandlarga dehqon xoʻjaligini yuritish – bozorbop oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun taqsimlab berildi.
Jizzax viloyatida ham paxta va gʻalladan boʻshagan 14 ming gektar yer aholiga berilib, 100 ming kishining bandligi taʼminlanmoqda. Endi yana 15 ming gektar yer oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun ajratiladi. Agrar sohada 1,3 milliard dollarlik 1,5 mingta loyiha amalga oshirilishi hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 1,5 karra oshiriladi, eksport 500 million dollarga yetadi. Ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etiladi, koʻp kanallar beton qoplamaga va yopiq quvurli sugʻorish tizimiga oʻtkaziladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida “Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak”, dedi. Bu yangi Oʻzbekiston islohotlariga uygʻun tarzda dadil odimlayotgan mamlakatimizning bugungi kundagi pirovard maqsadlaridan biriga aylandi.
Haqiqatan ham, oʻtgan qisqa vaqtda mamlakatimizda olamshumul oʻzgarishlar yuz berdi. Prezidentimizning xalqchil tashabbuslari va konseptual gʻoyalari asosida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.
Unda yangi Oʻzbekistonimizning mustahkam poydevorini barpo etishda “Inson – jamiyat – davlat” va “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyalar ustuvor etib belgilab qoʻyildi. Yaʼni avval inson, keyin davlat tamoyili yaratildi.
Koʻplab noroziliklarga sabab boʻlayotgan, xalqimiz manfaatiga aloqador boʻlgan mulk huquqi daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkamlandi.
Tadbirkorlarga qancha yillardan buyon toʻsiq boʻlib kelayotgan yuzlab muammolar yechim topdi, ularga juda katta imkoniyatlar yaratildi.
Agrar sohada ilgari hatto tasavvur qilib boʻlmagan oʻzgarishlar yuz berdi. Paxta va gʻallachilikda davlat buyurtmasidan toʻliq voz kechilib, erkinlik berildi, fermerlarning manfaatdorligi oshdi. Eng quvonarlisi, sohada majburiy mehnatga barham berildi.
Agar raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, davlatimiz rahbari saʼy-harakati bilan oʻtgan olti yarim yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi tarixiy koʻrsatkich – 80 milliard dollarni tashkil etib, eksport hajmi 1,5 barobar, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobar oʻsdi. Buning natijasida aholining xarid qobiliyati va oʻrtacha oylik ish haqi qariyb 2 barobar oshdi.
Oʻtgan yillar mamlakatimizning nafaqat ichki, balki tashqi siyosatini ham tubdan oʻzgartirgan davr boʻldi. Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib ilgari surgan bir qator global tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Albatta, bu natijalarga erishish oson boʻlmadi, erishilayotgan har bir maqsad ulkan mashaqqat va mehnat talab qiladi. Saʼy-harakatlar, aniq maqsadni koʻzlab qilinayotgan ishlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Muhimi, xalqimiz ushbu islohotlar mohiyatini chuqur anglab, qoʻllab-quvvatlamoqda.
Prezidentimizning “Hech bir fuqaro oʻz muammosi bilan yolgʻiz qolib ketishi mumkin emas”, “Biz eshitadigan davlatmiz”, degan talablari barcha rahbarlar uchun dasturulamal boʻlmoqda. Bugun fuqarolarning birorta murojaati eʼtibordan chetda qolmaydigan tizim yaratilgan.
Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyili asosida barcha darajadagi idora rahbarlari aholining muammolari, murojaatlari bilan shugʻullanmoqda.
Umuman olganda, aniq reja asosida qilingan harakatlar samarasi oʻlaroq, bugun Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar ham oʻz yechimini topmoqda.
Jizzax viloyatining barcha mahallalarida muntazam ravishda ommaviy qabullar, vakolatli organlar ishtirokida tanqidiy muhokamalar oʻtkazilishi natijasida murojaatlar soni oʻtgan yilga nisbatan 19 foizga kamayishiga erishildi. Ahamiyatlisi, oʻtkazilgan sayyor qabullar natijasida fuqarolar oʻz muammolariga ijobiy yechim topmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslar har bir murojaatining ijrosi alohida nazoratga olingani, tashkilot va idoralar rahbarlarining xalq bilan muloqot tizimi shakllangani bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarning 13,5 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi.
Shubhasiz, har bir murojaat ortida insonlar taqdiri turadi. Shu bois, murojaatlarda koʻtarilayotgan masalalar qaysi sohada koʻpayib borayotgani, qaysi hudud va tarmoqda muammolar yigʻilib qolgani, qanday oilalar davlatimizning eʼtibor va ragʻbatiga koʻproq muhtoj boʻlayotgani boʻyicha Xalq qabulxonalari tomonidan doimiy tahlillar olib borilmoqda. Tahlillar natijasida tumanlarda ham ijobiy koʻrsatkichlar soni ortib borayotgani koʻrinadi. Joriy yilning olti oy davomida masalalarni ijobiy hal etish darajasi Mirzachoʻl tumanida 66 foiz, Forish tumanida 64 foiz, Zarbdor tumanida 63 foiz, Arnasoy tumanida 62 foiz, Baxmal tumanida 62 foizga yetgan.
Quvonarlisi, murojaatlar yechimi oʻlaroq odamlarimizda rozilik hissini oshirayotgan bunday amaliy natijalarni oʻnlab, yuzlab keltirish mumkin. Bundan buyon ham murojaatlar bilan ishlashda talabchanlik va sinchkovlik kuchaytiriladi va qonun ustuvorligi taʼminlanadi.
Bu esa, davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston, bu – avvalo, inson qadri ulugʻlangan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakatdir” degan gapining amaldagi isbotidir.
Albatta, amaliy natijlar bilan birga kamchiliklar ham mavjud. Ularni ham bosqichma-bosqich bartaraf etish yoʻllari izlanmoqda. Asosiysi, xalqimiz ogʻizbirchilikda yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni maqsad qilgan. Prezidentimiz boshchiligida yuksak maqsad – har tomonlama rivojlangan yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etishga mahkam bel bogʻlagan. Biz ishonamiz, keng koʻlamli islohotlar natijasida yaqin yillarda jonajon yurtimiz dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoridan joy oladi. Zero, buning uchun mustahkam zamin yaratib oldik va aniq oʻylangan rejalarimiz bor.
Fikrimizni bitta misol bilan mustahkamlab qoʻyamiz: Prezidentimiz Jizzax viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirish borasida bir qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Unda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha yetti yillik katta dasturni amalga oshirish, yoshlarga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻrgatib, yuqori daromadli sohada ishlay olishi uchun sharoit yaratish, axborot texnologiyalari taʼlimi va xizmatlar zanjirini ishga tushirish, koʻproq yoshlarni sportga jalb qilish kabi katta tashabbuslar haqida soʻz bordi.
Bu kabi maqsadlarni amalga oshirish asnosida har bir viloyatda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil qilish, “Mening birinchi uyim” loyihasi doirasida har bir viloyat markazida aynan yoshlar uchun yiliga 1 mingta uy-joy qurish koʻzda tutilayotgani ham gʻoyat muhimdir. Qolaversa, kollej va texnikumlarda kasb-hunarga oʻqitish tizimi isloh qilinib, OTMlarda amaliyotga yoʻnaltirilgan kasblarga tayyorlash muddati qisqartirilishi ham yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.
Bu – bejiz emas, albatta. Oʻzingiz oʻylab koʻring, keyingi 3 yilda 250 ming yoshga 6 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan. Pirovardida, yosh tadbirkorlar soni 200 mingdan oshdi. Yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 130 ming talabaga 1 trillion 700 milliard soʻm taʼlim kreditlari ajratildi. 53 ming ehtiyojmand talabaga oʻqish uchun kontrakt pullari, 81 ming talabaga uy-joy ijarasi xarajatlari toʻlab berildi. Bularning bari mamlakatimizda yosh kadrlarning salohiyatli, fidoyi va jonkuyar avlodi yetishib kelayotganidan dalolat beradi.
Yuqorida aytganimizdek, mamlakatimiz dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoridan joy olishi uchun mustahkam zamin yaratganimiz asosi ham shu – yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun berilgan katta imkoniyatlar. Bu yoʻlda maqsadimiz aniq, yoʻlimiz aniq, rejalarimiz aniq – ijtimoiy davlat tamoyillarini hayotga hech bir ogʻishmay tatbiq etish. Zero, ijtimoiy davlat quvonchini xalqimiz bilan birgalikda, hamjihatlikda, birdamlik va mehr bilan his qilsak, uning qadriga yetsak va oʻz zimmamizdagi vazifalarni vijdonan bajarsak, hech kim bizga teng kela olmaydi.
Bayrambek UZOQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri