Ijtimoiy himoya jamgʻarmasi mablagʻlari qayerga yoʻnaltiriladi

    Ijtimoiy hayot 4 Yanvar 2024 1484

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi 687-sonli qarori bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlangan.

    Prezidentning 2023-yil 1-iyundagi PQ-82-son qarori bilan Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan.

    Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning asosiy yoʻnalishlari:

    “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarida, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy hamda pansionatlarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish;

    aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash;

    nogironligi boʻlgan shaxslarga imtiyozli hamda bepul statsionar davolanishni taʼminlash;

    nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻquv, didaktik va boshqa muqobil materiallar bilan taʼminlash;

    yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlash;

    bolalar uylari va “Mehribonlik” uylari faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish;

    voyaga yetmagan bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam xizmatlarini moliyalashtirish va boshqalar.

    Hujjatda, shuningdek Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida “Axborot texnologiyalari markazi” davlat muassasasini tashkil etish nazarda tutilgan. Markazda quyidagi vazifalar yuklatilgan:

    axborot dasturlarini ishlab chiqish va monitoring qilish;

    serverlar, kompyuter uskunalari va telekommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish;

    Agentlik tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

    “Sall-markaz” faoliyatini tashkil etish.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

    Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom;

    jamgʻarma ijroiya direksiyasining tuzilishi.

    Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2023-yil 29-dekabrdan kuchga kirgan, deb xabar beradi “Norma”.