Ijtimoiy himoya, mahalla obodligi, sog'lom turmush tarzi, ekologik barqarorlik

    Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamaot fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha parlament komissiyasining yig'ilishi bo'lib o'tdi.

    Unda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini davlat ijtimoiy buyurtmasi hamda davlat grantlari shaklida qo'llab-quvvatlash bo'yicha o'tkazilgan 3 ta tanlov natijasi ko'rib chiqildi. Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida nodavlat tashkilotlarning faolligi ortib bormoqda. NNTlar turli sohalarda dolzarb masalalarni hal etishda ishtirok etmoqda. Jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash va jamiyatga integratsiya qilishga oid qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

    Parlament komissiyasi tomonidan NNTlarning bu yo'nalishdagi ishlarini rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida “Nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlash” mavzusida 31 ta davlat granti loyihasi bo'yicha qaror qabul qilindi. Mazkur loyihalar doirasida nogironligi bo'lgan shaxslarning bandligini ta`minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, joylarda nogironligi bo'lgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning qiziqishi, hohish istaklarini ruyobga chiqarish, kasbga yo'naltirishga alohida e'tibor qaratiladi.

    SHuningdek, “Mahallalarda obodlikni ta'minlash, sog'lom turmush tarzini, tibbiy va ekologik madaniyatini yuksaltirish” mavzusida moliyalashtirilayotgan 2,0 mlrd. so'mlik 27 ta davlat granti loyihalari doirasida mahallalarni obodonlashtirishga, atrof-muhit muhofaza qilish, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, yoshlarning sog'lom turmush darajasini yuksaltirish masalalarida fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ishlar olib boriladi.

    O'tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi bo'yicha 25 ta loyiha ko'rib chiqildi, shundan 5 ta tashkilotning 4 mlrd. 470 mln. so'mlik 5 ta loyihasi g'oliblikka tavsiya etildi.Ajratilgan ijtimoiy buyurtma zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga, yoshlarning o'z g'oyalarni amalga oshirishga, yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.

    Parlament komissiyasi tomonidan o'sib kelayotgan yosh avlodni ma'nan etuk, jismonan sog'lom etib tarbiyalash, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirish maqsadida “YOshlarning ma'naviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirish” mavzusida davlat granti ajratish bo'yicha 5-tanlov e'lon qilindi.

    Mazkur tanlovlar yoshlarda fuqarolik burch va mas'uliyatni shakllantirish, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga ko'maklashish, ularni zamonaviy va an'anaviy mehnat faoliyati turlariga jalb qilish orqali bandligini ta'minlashga, “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” shiorini amalga oshirishda yoshlarning ishtirokini keng ta'minlash kabi bir qator yo'nalishlarni qamrab olgan. Tanlovni joriy yilning 27 oktyabridan– 28 noyabrigacha bo'lgan muddatda e'lon qilish belgilandi.