“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga ayrim tovarlar xaridi uchun toʻlangan QQS qaytariladi

    Ijtimoiy hayot 6 Aprel 2023 1312

    “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–113-son, 05.04.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2023-yil 15-apreldan eksperiment tariqasida Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK orqali tashabbuskorlar loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:

    • meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish yoʻnalishidagi loyihalar Agentlikning tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xoʻjaligi vazirligining yagona elektron axborot platformasi orqali “Agroservis operator” DUKka yetkaziladi;
    • intensiv bogʻ va tokzorlar, agrologistika obyektlari hamda texnologik liniyalar, oziq-ovqat sanoatidagi liniyalar qurilib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiriladi. Bunda lizing toʻlovi 10 foizi oldindan toʻlash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi.

    Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (paxta, gʻalla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajoʻxori hamda moyli ekinlar) ekilishini, vegetatsiya davrini monitoring va tahlil qilish amaliyoti joriy etiladi.

    2023-yil 1-iyungacha paxta, gʻalla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

    2023-yil 1-maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar quyidagi roʻyxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi toʻlov oʻrniga, xarid summasida toʻlangan QQS summasi qaytariladi.

    2023-yil 1-iyundan qishloq xoʻjaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

    Qarorga koʻra shuningdek, Prezidentning tegishli qarori doirasida Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 2023-yilda 400 milliard soʻm byudjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratiladi.

    Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi tashkil etiladi.

    2023-yilda har bir viloyatda oʻrtacha 250-300 gektardan namunaviy bogʻ-tokzorlar barpo etiladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.