Adliya vazirligi Markaziy bankning “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarorini (roʻyxat raqami 3030-11, 2025-yil 28-oktabr) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Ushbu hujjatda banklar bilan munosabatga kirishishda isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklar belgilandi, jumladan:
- banklar kredit ajratish vaqtida isteʼmolchilarga kredit olish bilan bogʻliq ehtimoliy tavakkalchiliklar toʻgʻrisida cheklist taqdim etishi kerak;
- bank omonati (depoziti) shartnomasi yoki bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzish jarayonlarida banklar omonatchilarni omonatlarni kafolatlash tizimi haqidagi axborot bilan tanishtirishi lozim;
- banklarda moliyaviy qiyinchilik yoki murakkab hayotiy vaziyatga tushgan fuqarolarning arizalarini koʻrib chiqish tizimi joriy qilingan boʻlishi va bu haqda oʻzlarining veb-saytlarida eʼlon qilishi kerak.
Bunda, kreditlarni restrukturizatsiya qilish (masalan, kredit toʻlovi muddatlarini uzaytirish, foizlarni qayta koʻrib chiqish, jumladan homiladorlik va tugʻish taʼtilidagi ayollarning kredit toʻlovi muddatlarini oʻn oygacha uzaytirish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish nazarda tutilishi kerak.
Bundan tashqari, hujjatda quyidagilar ham belgilanmoqda:
- davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan pullarni kredit qarzdorligi uchun undirish taqiqlandi;
- kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda mijoz roziligini ifodalovchi maydonchalarni (✅) yoki kredit parametrlarini oldindan belgilab qoʻyish taqiqlandi.
Mazkur hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.