Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslar qanday soliq toʻlaydi?

    Biznes 12 Avgust 2020 2200

    Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish faoliyati (Giveaway) bilan shugʻulluvchi jismoniy shaxslar olgan daromadlaridan 12 foiz miqdoridagi stavkada daromad soligʻi toʻlashlari lozim (2020-yil 1-iyuliga qadar olgan daromadlari boʻyicha).

    Amaldagi qonunchilikka asosan, soliq solinadigan daromadlarga jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlari, moddiy naf tarzidagi daromadlari, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlari va soliq agentlari boʻlmagan manbalardan olingan boshqa daromadlari kiradi. (SKning 393-moddasi)

    Agar jismoniy shaxslar olgan daromadlari soliq agentlari boʻlmagan manbalardan olingan boshqa daromadlari boʻlsa, ushbu daromadlari jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliqqa tortiladi (qonunchilikdagi imtiyozlari inobatga olingan holda).

    Bu haqda doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish lozim.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish faoliyati (Giveaway) bilan shugʻulluvchi jismoniy shaxslar olgan daromadlaridan 12 foiz miqdoridagi stavkada daromad soligʻi toʻlashlari lozim (2020-yil 1-iyuliga qadar olgan daromadlari boʻyicha).

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-sonli qaroriga asosan, oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati kengaytirildi. Ushbu faoliyat turlari roʻyxatiga AKT sohasida xizmat koʻrsatish – “Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat” (ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori) turi kiritildi.

    Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi uchun daromad soligʻidan ozod qilinadi.

    Joriy yilning 1-iyulidan boshlab ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, yaʼni ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori oʻzini oʻzi band etgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa olgan daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.

    Bunda mehnat stajiga ega boʻlish uchun 2020-yilda bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi (111,5 ming soʻm) miqdorida ijtimoiy soliq toʻlash lozim boʻladi.

    DSQ Matbuot xizmati