О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati tо‘g‘risida”gi Qonun,О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari, 2030 yilgacha mо‘ljallangan “Yoshlar strategiyasi”, Yoshlar manfaatlari bо‘yicha butunjahon harakatlar dasturi, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 11 aprel kuni “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan о‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bajarilishi nuqtai nazaridan ushbu masalani tadqiq qilish dolzarb hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlar bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal etish bо‘yicha olib borilayotgan keng kо‘lamli ishlar bilan bir qatorda, sohada yechimini kutayotgan muammoli masalalar ham saqlanib qolayotganligini kо‘rsatmoqda.

Xususan, aksariyat yoshlarda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini anglash darajasining yetishmasligi, bu borada mamlakatimiz ma’naviyatiga mos bо‘lgan fikrlar xilma-xilligi holatida yagona yondashuv, tushuncha va tasavvurlarning yetarlicha shakllanmagani terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, mutaasiblik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes kabi turli xavf va tahdidlarga qarshi kurashish dolzarblashib bormoqda. Yoshlar о‘rtasida uchrayotgan bu kabi salbiy holatlarni oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirishga qaratilgan profilaktik ishlar natijadorligini oshirish; mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda yoshlarning faolligini oshirish, ularda islohotlarga dahldorlik tuyg‘usini shakllantirish muhim sanaladi.

 Voyaga yetmaganlar va ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar о‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bо‘yicha davlat va nodavlat subyektlar faoliyatini takomillashtirish xorijiy huquqni muhofaza qilish organlari tajribasini о‘rganishni nazarda tutadi. Amaliyot shuni kо‘rsatadiki, kо‘plab davlatlar voyaga etmaganlar bilan profilaktika ishlarining turli shakllari va usullaridan juda samarali foydalanadilar.

AQShning Florida shtati huquq-tartibot idoralari tomonidan ishlab chiqilgan va aksariyat davlat va xususiy maktablarda amalga oshirilgan yuridik ta’lim dasturi diqqatga sazovor bо‘lib, 7-8-sinf о‘quvchilari uchun mо‘ljallangan dasturning asosiy vazifasi voyaga yetmaganlarni jamiyatda mavjud qadriyatlar tizimi, jinoyat qonunchiligi asoslari va fuqaroning majburiyatlari bilan tanishtirish, shuningdek, qonun va tartibni buzuvchilarni nima kutayotgani haqida tasavvurlarni shakllantirishdan iborat.

Savol-javob formatidan foydalanib, dastur о‘quvchilarni talon-taroj qilish, huquqbuzarlik, buzg‘unchilik, hibsga olishga qarshilik kо‘rsatish, noqonuniy qurol saqlash, dо‘konda о‘g‘irlik sodir qilish, о‘t qо‘yish, spirtli ichimliklar, noqonuniy giyohvand moddalarni iste’mol qilish va qotillik kabi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq qonunlar bilan tanishtiradi. Alohida boblarda esa jinoiy faoliyatning oqibatlarini, shuningdek, jamiyatda ularning bajarilishini nazorat qiluvchi qonunlar va maxsus organlar bо‘lishi zarurligi kо‘rib chiqiladi.

О‘quv materiali 135 betdan iborat darslikda о‘z ifodasini topgan bо‘lib, hatto о‘qituvchilar uchun ham maxsus kitob ishlab chiqilgan. О‘rganilayotgan har bir qonunni batafsil tushuntirish uchun maxsus taklif etilgan ichki ishlar xodimlari yordamidan keng foydalaniladi. Bu nafaqat о‘rganilayotgan materialga qiziqishni oshiradi, balki kuchli ma’naviy omil bо‘lib xizmat qiladi. О‘quvchilar politsiya xodimlarini ularga hamdard bо‘ladigan, ularning farovonligi haqida qayg‘uradigan insonlar sifatida qarashga о‘rganadilar [3, 18].

Los-Anjeles politsiya departamentida (AQSH) noodatiy eksperiment, ya’ni axloq tuzatish muassasalarida о‘smirlar о‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bо‘yicha dasturining samaradorligi amalda sinovdan о‘tkazib boriladi. Ushbu dasturning maqsadi hali jinoyat sodir etmagan, lekin jinoyatga moyilligi, giyohvandlik yoki g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlari uchun ichki ishlar organlarida rо‘yxatga olingan о‘smirlarga psixologik ta’sir kо‘rsatishdan iboratdir.

Germaniyada politsiyaning voyaga etmaganlar jinoyatining oldini olish tajribasi ibratli sanaladi. Jumladan, Germaniyada voyaga etmaganlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish strategiyasi quyidagi qoidalarga asoslanadi: о‘smirlarning noqonuniy xatti-harakatlarga moyilligi kо‘p hollarda shaxs shakllanishi jarayoni tugagandan sо‘ng hech qanday tashqi ta’sirsiz yо‘qoladi; davlat organlari tomonidan qattiq choralar kо‘pincha salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliyada giyohvand moddalar, bedarak yо‘qolganlar va voyaga yetmaganlar jinoyatlarini tergov qilish uchun barcha yirik politsiya bо‘limlarida maxsus komissariatlar tashkil etilgan bо‘lib, komissarlarga о‘smirlarning kо‘pincha jinoyatchi, jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida qatnashadigan holatlarini tahlil qilish topshirilgan. О‘smirlar bilan ishlashni nazorat qilish va umumiy muvofiqlashtirish esa ichki ishlar bо‘limi rahbariyati tomonidan amalga oshirib boriladi. Jinoyat politsiya bо‘limining axborot tizimida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bо‘yicha maxsus ma’lumotlar bazasi yaratilgan bо‘lib, unga kiritilgan ma’lumotlar asosida о‘smirlar о‘rtasida jinoyatchilik rivojlanishining sabablari va xarakterli xususiyatlari tahlil qilib boriladi. Bunday tadqiqotlar natijalari ichki ishlar organlari xodimlarini о‘qitish, tayyorlash va qayta tayyorlashda foydalaniladi .

Baden-Vyurtembergda jinoiy politsiyaning jinoyatga qarshi kurashuvchi yirik boshqarmalarida voyaga etmagan jinoyatchilar uchun maxsus bо‘limlar mavjud bо‘lib, boshqa xizmatlarda xodimlar faqat voyaga etmaganlar jinoyati bilan shug‘ullanadi. Maxsus bо‘limlar va xodimlarning vazifasi voyaga etmaganlar nafaqat jinoyatchi, balki jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida harakat qiladigan barcha holatlarni tahlil qilishga qaratiladi.

Bavariyada politsiyaning voyaga etmagan huquqbuzarlar bilan ishni tashkil etishning yagona shakli mavjud emas, garchi Myunxen politsiyasida voyaga etmaganlar о‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida maxsus yо‘naltirilgan xodimlar faoliyat olib boradi.

Bremen shtatida jinoyat va xavfsizlik politsiyasi doirasida voyaga etmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi maxsus xizmatlar mavjud. Ushbu xizmatlarning vazifalari aniq belgilangan bо‘lib, voyaga yetmaganlar о‘rtasida jinoyat sodir etilishining oldini olish bilan maxsus qо‘riqlash politsiyasi xizmatlari shug‘ullansa, bolalar va о‘smirlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarni tergov qilish bilan politsiya shug‘ullanadi.

Gamburg shahri politsiyasi voyaga yetmagan jinoyatchilar bilan ishlashni tashkil etishda xuddi shunday tamoyildan foydalanadi. Uning yagona о‘ziga xos jihati shundaki, yuqorida qayd etilganlar qatorida politsiya apparatida faqat о‘smirlar va yoshlar tomonidan sodir etilgan zо‘ravonlik jinoyatlarini tergov qiluvchi maxsus xizmat faoliyat yuritadi.

Gessen politsiya tuzilmasida voyaga yetmaganlar jinoyati bilan shug‘ullanuvchi uchun maxsus xizmatlar mavjud emas. Bu yerda asosiy e’tibor komissariyatlar tarkibida о‘smirlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus politsiya xodimlarini tayyorlash va ulardan foydalanishga qaratilgan. Kelgusi yillarda bu borada maxsus surishtiruv guruhlari va komissarliklarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Quyi Saksoniyada politsiya balog‘atga etmaganlar о‘rtasida huquqbuzarlik holatlari bilan bog‘liq ishlarni kо‘rishda boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Bunday hamkorlik politsiyaning vazifalari va tegishli ijtimoiy xizmatlarning mas’uliyati о‘rtasidagi aniq farqni nazarda tutadi. Shu maqsadda politsiyaning yer bо‘limi va ayrim ichki ishlar bо‘limlarida voyaga yetmaganlar о‘rtasidagi huquqbuzarlik bilan bog‘liq masalalarni hal etish bо‘yicha yangi komissar lavozimi joriy etildi. Shunga о‘xshash tuzilmalar Reynland-Pfalz hududida ham faoliyat yuritadi.

Saar hududida о‘smir jinoyatchilar bilan ishlash uchun maxsus tayyorgarlikdan о‘tgan ayol politsiyachilardan foydalanish hali ham amalda. 1978 yildan hozirgi kungacha Kyoln politsiyasida yoshlar bilan ishlash bо‘limi mavjud bо‘lib, uning politsiya xodimlari maktablar bilan aloqa о‘rnatish va о‘quvchilar о‘rtasida profilaktika ishlarini olib borishga qaratilgan.

Berlinda voyaga etmagan huquqbuzarlar bilan ishlashni tashkil etishning ancha yuqori darajasiga erishildi. О‘smirlar bilan ishlash uchun ichki ishlar bо‘limi tarkibida bolalar va о‘smirlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar tо‘g‘risidagi barcha xabar va bayonnomalar, shuningdek, bedarak yо‘qolgan voyaga etmaganlar tо‘g‘risidagi arizalar bо‘yicha chora kо‘radigan maxsus komissariyat tashkil etilgan. Komissarlik xodimlari nafaqat bu holatlarni tekshiradi, balki profilaktika ishlarini ham olib boradi. Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi politsiya faoliyati tajribasi ham juda qiziq sanaladi.

1971 yilda Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi barcha politsiya boshliqlariga о‘z politsiya bо‘linmalarida jamoatchilikni jalb qilish bо‘limlarini yaratishni tavsiya qilgan xat yubordi. Bunday bо‘limlar xodimlari ichki ishlar organlarining 2 foizini tashkil qilishi kerak edi. Ushbu bо‘limlarning boshqa ichki ishlar organlari xodimlariga ham tegishli bо‘lgan umumiy vazifalariga quyidagilar kiradi: jamoatchilik va ota-onalarni bolalarning xulq-atvori va tarbiyasini nazorat qilishga jalb qilish; yoshlar, ijarachilar uyushmalari, cherkovlar va boshqa tashkilotlar bilan aloqa о‘rnatish; maktablarda suhbatlar о‘tkazish: voyaga etmaganlar va boshqa shaxslar bilan ichki ishlar organlarining vazifalari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, ularning faoliyati bilan tanishtirish; ichki ishlar organlari xodimlarini tanlash, yoshlarni ichki ishlar organlariga ishlashga jalb etish, huquqbuzarliklar profilaktikasiga jamoatchilik va voyaga yetmaganlarni jalb qilish bо‘yicha “maxsus politsiya bо‘linmalari” faoliyatini yо‘lga qо‘yishdir.

Fransiya politsiya departamenti prefekturalarida bolalar va о‘smirlar jinoyatlarining oldini olish va barcha ijtimoiy profilaktika xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun bо‘linmalar tashkil etilgan bо‘lib, ular politsiya prefekti va milliy jandarmeriya kuchlari nazorati ostida faoliyat ilob boradi. 1982 yil may oyida Fransiya Bosh vaziri Per Mauroy tashabbusi bilan shaharlarda xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash boyicha takliflarni ishlab chiqish uchun komissiya tuzildi. Komissiya tarkibiga turli siyosiy partiyalar (jumladan, muxolif partiyalar) vakillari bо‘lgan merlar kiritildi.

Komissiya mahalliy hokimiyat bilan birgalikda 1983-yil yanvar oyida xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlash bо‘yicha 70 dan ortiq takliflar tayyorladi va Fransiya Respublikasi Vazirlar Kengashiga kiritdi. Ular orasida shahardan ta’tilga chiqmagan yoshlarning yozgi bо‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bо‘yicha “Yoz-yoshlik” va “Ta’til” nomli tadbirlarni alohida ta’kidlash mumkin. Shu maqsadda mavjud va yangi tashkil etilgan yoshlar oromgohlarida о‘qituvchi mutaxassislar yordamida tegishli psixologik-pedagogik tayyorgarlikdan о‘tgan Fransiya politsiyasi mobil qо‘shinlari CRS – Respublika xavfsizlik korpusining maxsus saralangan xodimlari va instruktorlar faoliyat olib boradilar.

1982 yildan boshlab bunday tadbirlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi yoshlar orasida “mayda jinoyatlar” toifasiga kiruvchi jinoyatchilik darajasini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi. 1983 yil iyun oyida Fransiya Bosh vazirining farmoni bilan jinoyatchilikning oldini olish boyicha Milliy kengash tuzildi. Mazkur farmon qoidalariga kо‘ra, Huquqbuzarliklarning oldini olish bо‘yicha Milliy kengash tarkibiga Bosh vazir farmoni bilan tayinlangan 68 nafar a’zo kiritilgan bо‘lib, ulardan 5 nafar deputat (3 nafar quyi palata deputati va 2 nafar senator) 3 yil muddatga, 35 nafar hokim va 28 nafar mansabdor shaxslar profilaktika tadbirlarini о‘tkazishdan manfaatdor bо‘lgan turli tashkilotlar vakili etib tayinlangan. Bundan tashqari, yuqoridagi farmonda huquqbuzarliklar profilaktikasi bо‘yicha idoraviy va kommunal kengashlarni tashkil etish nazarda tutilgan. Hozirda Fransiyada 400 dan ortiq shunday kengashlar faoliyat yuritayotgan bо‘lib, ushbu kengashlar ishida, xususan, keksalarni himoya qilish, yoshlar bilan ishlash boyicha maxsus komissiyalarda kо‘plab politsiya xizmatlari vakillari ishtirok etadilar.

Xorijda voyaga yetmaganlar о‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan funksional jihatdan ixtisoslashtirilgan subyektlar faoliyati amaliyotini tahlil qilish ushbu ishning uchta asosiy yо‘nalishini aniqlash imkonini beradi: birinchi yо‘nalish – voyaga yetmaganlar о‘rtasidagi adliya organlari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, yangi ijtimoiy texnologiyalarni, ijtimoiy-huquqiy tuzilmalarni va nodavlat tuzilmalarni joriy etish zarurligini kо‘rsatdi, hamda, G‘arbning kо‘p sonli davlatlarida ushbu tajriba ancha vaqt oldin joriy qilingan va kо‘p yillar davomida mavjud bо‘lgan, vaqt davomida nafaqat hayotiyligini, balki mutlaq zarurligini ham isbotladi; ikkinchi yо‘nalish voyaga yetmaganlar о‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish tizimida asosiy tashkiliy va muvofiqlashtiruvchi rol о‘ynaydigan, voyaga yetmaganlar о‘rtasidagi adliyaning о‘zagi bо‘lgan ixtisoslashtirilgan sudlarni tashkil etish bilan bog‘liq; uchinchi yo’nalish – maxsus profilaktika subyektlarini, shu jumladan politsiya organlari tuzilmasini shakllantirish va ularga gumanistik funksiyalarni yuklashdan iboratdir.

О‘zbekiston sharoitida ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan ishlashda hududlarga xizmat safarlari uyushtirish, joylarda ma’naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil bо‘lgan yoki profilaktik rо‘yxatda turadigan yoshlar bilan bevosita uchrashish, safarlar davomida ma’rifiy  tadbirlar о‘tkazish, sо‘rovnomalar olish, orqali qо‘lga kiritilgan natijalarni tahlil qilish, tadqiqot natijalari asosida uslubiy kо‘rsatmalar tayyorlash maqsadga muvofiqdir.

Ushbu amalga oshiriladigan tadbirlar yoshlarning mentalitetimizga qarshi turli xil yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashishda yoshlar ishtirokini kuchaytirish, ma’naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil yoki profilaktik rо‘yxatda turadigan yoshlar bilan individual tarzda ish olib oorish tizimi takomillashtirilishiga hissa qо‘shiladi. Uyushmagan va tarbiyasida muammo bо‘lgan yoshlar muammolari yechilishiga qaratilgan chora-tadbirlar ularning kelajakka va о‘ziga ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Sо‘rovnomalar orqali hududlarda yoshlar orasida mavjud bо‘lgan dolzarb muammolar aniqlanadi va tahlil qilinadi. Muammosi bor yoshlar tarbiyasi “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bо‘lish” g‘oyasi singdirilishiga kо‘maklashiladi. Ular о‘rtasida shaxsiy va milliy manfaatlarni uyg‘un tutishga doir keng kо‘lamli tarbiyaviy yondoshuvga yо‘naltiriladi. Shu bilan birga, yuksak axloqiy fazilatlarga ega, yurt sha’ni, or-nomusi uchun kurasha olishga qodir, ma’naviy immuniteti mustahkam,  mehnatsevar, e’tiqodi kuchli shaxs shakllanishiga xizmat qiladi.

Jumaniyozova Dilfuza Kamolovna,

Toshkent Davlat yuridik universiteti

“Umumta’lim fanlar va madaniyat” kafedrasi

 Dotsenti (PhD)