Ikki avtobus haydovchisi harakatlanish jadvaliga rioyasi qilish vajidan janjallashib qoldi

    Toshkent shahrida 1-avtobus yoʻnalishining ikki haydovchisi oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqdi. Janjal tufayli haydovchi boshqa avtobusning kalitini olib ketib qoldi.

    2024-yil 12-aprel kuni soat 20:05 larda “5-avtobus saroyi” filiali tasarrufida boʻlgan “MAN A22” rusumli 1-yoʻnalish boʻylab harakatlanadigan avtobus haydovchisi R.Oʻ. va 1-yoʻnalishda harakatlanuvchi “MAN A22” rusumli avtobus haydovchisi M.F. oʻrtasida mojaro kelib chiqdi.

    Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” rasmiy maʼlumot berdi.

    Taʼkidlanishicha, M.F. belgilangan harakat jadvaliga rioya qilmasdan R.Oʻ. boshqaruvidagi avtobusdan oldin “BIY” bekatidan “Yugnakiy mavzesi” bekati tomon harakatni oldin boshlab yuborgan.

    Shu sababli Mirzo Ulugʻbek tumani Buyuk Ipak Yoʻli koʻchasi “Sayohat” bekati qarshisida oʻzaro janjal yuzaga kelgan va haydovchi R.Oʻ. haydovchi M.F. boshqaruvida boʻlgan “MAN A22” rusumli avtobusning kalitini olib ketib qolgan.

    Mazkur holatdan xabar topgan “5-avtobus saroyi” mutasaddilari tezkorlik bilan yoʻnalishga chiqib, avtobusning kalitini haydovchiga yetkazgan hamda avtobus oʻz yoʻnalishida harakatlanib yoʻlovchilarni belgilangan manzilga olib borgan.

    Shundan soʻng, ushbu ikki avtobus “5-avtobus saroyi” filiali hududiga olib kelingan va haydovchilar bilan boʻlgan voqea yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

    Shuningdek, yoʻnalish davomida avtobusda yoʻlovchilar boʻlishiga qaramasdan ushbu avtobusning kalitini olib ketib, yoʻlovchilarning kutib qolishiga sabab boʻlgani va korxona ichki mehnat tartibini buzgani uchun haydovchi R.Oʻ.ga nisbatan qatʼiy intizomiy chora koʻrilishi maʼlum qilindi.