Uchrashuvda A.Sultanov ikki mamlakat oʻrtasida yoqilgʻi-energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Xususan, Yagona elektr tarmogʻidagi oʻzaro hamkorlik doirasida elektr energetika sohasida chastotalarni nazorat qilish xizmatlari, tranzit xizmatlari, shuningdek, elektr energiyasini yetkazib berish masalalari koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, Qozogʻistonning janubiy viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish, gazni chuqur qayta ishlashga asoslangan Oʻzbekiston mahsulotlarini, jumladan, polietilen, polipropilen, texnik moylarni eksport qilish kabi yoʻnalishlarda mamlakatlar oʻzaro hamkorlikni izchil davom ettiryapti.
“Oʻztransgaz” AJ va “ITSA” AJ oʻrtasida tabiiy gazni Qozogʻiston hududi orqali tashish boʻyicha imzolangan shartnoma muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.
Mamlakatimizga Qozogʻistondan neft anʼanaviy usulda olib kelinyapti.
Uchrashuvda ikki mamlakat Energetika vazirlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda uni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilab oldilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati.