Ikki mingga yaqin sanʼatkor daromad soligʻi deklaratsiyasini toʻldirdi — Soliq qoʻmitasi

    Bugungi kunga qadar konsert-tomosha faoliyati litsenziyasiga ega boʻlgan 1 954 nafar xonandalar daromadlari toʻgʻrisida soliq deklaratsiyasini taqdim etdi.

    Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.

    Avvalroq qoʻmita tomonidan “Konsert-tomosha faoliyati” xizmati boʻyicha “Soliq” mobil ilovasida soliq deklaratsiyalarini yuborish yoʻlga qoʻyilgandi.

    Ushbu xizmat xonanda va ijrochilarga yillik daromadlari boʻyicha deklaratsiyani soliq organlariga taqdim etish imkonini beradi.

    Jarayon “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasining maʼlumotlar bazasi bilan soliq organlarining axborot tizimi integratsiya qilinishi natijasida soddalashtirildi.

    Shu sababli, “Konsert-tomosha faoliyati” boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan xonanda va ijrochilar “Soliq” mobil ilovasida shaxsini tasdiqlagach, “Face ID”dan oʻtgach, ushbu xizmatdan avtomatik tarzda foydalanishi mumkin.

    Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, 1954 nafar litsenziya egasi soliq deklaratsiyasini topshirgan.

    Taqdim etilgan deklaratsiyalar soni boʻyicha top 5 ta hududga quyidagilar kiradi:

    • Xorazm viloyati — 294 ta;
    • Toshkent shahri — 291 ta;
    • Buxoro viloyati — 212 ta;
    • Samarqand viloyatida — 207 ta;
    • Toshkent viloyati — 157 ta.

    Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasi tomonidan konsert va sahna sanʼati sohasi vakillari oʻrtasida #mendeklaratsiyatopshirdim_challenge va #yapodayudeklaratsiyu xeshtegi ostida chellenj boshlandi.