Kecha guruh bosqichidagi soʻnggi tur va yarim final bahslari boʻlib oʻtdi. Eʼtiborlisi, yakunda ikki nafar vakilimiz final bellashuvida Tokio-2020 Olimpiada yoʻllanmasi uchun kurash olib borish huquqini qoʻlga kiritdi.

Erkaklar oʻrtasida Zohid Kenjayev yarim finalda jahon reytingida 46-oʻrinda turgan qozogʻistonlik Kirill Gerassimenkoni 4:3 hisobida dogʻda qoldirdi. Endi uning hal qiluvchi bellashuvdagi raqibi eronlik Nima Alamyan boʻladi.

Ayollar bahsida esa ikki nafar vakilamiz yarim finalda toʻqnash kelishdi. Rimma Gufranova hamda Marhabo Magdiyeva toʻqnashuvida Magdiyeva 4:2 hisobida gʻalaba qozondi. Unga finalda qozogʻistonlik Anastassiya Lavrova raqiblik qiladi.

Eslatib oʻtamiz, reglamentga koʻra, kvalifikatsion musobaqada har bir mintaqa gʻoliblarigina Olimpiada yoʻllanmasiga ega chiqishadi.

Tokio-2020 litsenzion musobaqasi finallari:
Zohid Kenjayev – Nima Alamyan (Eron)
Marhabo Magdiyeva – Anastassiya Lavrova (Qozogʻiston)