Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida

    Xalqaro hamkorlik 16 Avgust 2023 1467

    Bugun, 16-avgust kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Qirg‘izistonga amaliy tashrifi davom etmoqda.

    Bugun, 16-avgust kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Ikki mamlakat Bosh vazirlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida keng qamrovli va o‘zaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, bunda, Davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodalari, muntazamlik kasb etgan do‘stona va ishonchli muloqotlari asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

    Qayd etilganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Uning hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish imkoniyati mavjud. Suv xo‘jaligi, energetika, transport, avtomobilsozlik hamda boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv yanada kengaymoqda.

    Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi sohasida katta imkoniyatlar mavjudligi, bu borada O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi salohiyatidan unumli foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, energetika, suv xo‘jaligi, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

    Tomonlar madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro madaniyat kunlari, etnosport festivallari, tadbirlar, konsert va ko‘rgazmalar o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

    Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10 yig‘ilishi yakunlari yuzasidan bayon imzolandi.

    Bosh vazir matbuot xizmati