Ikki viloyatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

    Fargʻona viloyatining Chust tumani va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanib kelgan shaxslar aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chust tumani boʻlimi va ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Sh.S. “Ariqboʻyi” MFY hududida joylashgan yer maydoniga oʻrnatilgan suv nasosini elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi tarmoqqa ulab, jami 117 mln soʻmlik elektr energiyasidan oʻgʻirlik yoʻli foydalanganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Sharof Rashidov tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergov qadar tekshiruvda YATT F.Sh. va boshqalar novvoyxona faoliyatini yoʻlga qoʻyib, jami 106,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.