Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumanida yashovchi 34 yoshli shaxs xorijda ishlamoqchi boʻlgan fuqarolarga maslahat va viza olish boʻyicha zarur hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashish bilan shugʻullanuvchi MCHJ tashkil qilgan. Shundan soʻng ijtimoiy tarmoqlar orqali Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga Latviya davlatiga ishlash uchun borishlarida kerak boʻladigan vizani olib berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Urganch shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bunday qonunbuzilish holati Toshkent viloyatida ham qayd etilib, unda Angren shahrida yashovchi, 28 yoshli shaxs Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 34 va 33 yoshli 3 nafar fuqaroga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali Latviya davlatiga borib ishlash imkonini beruvchi ishchi viza rasmiylashtirib berish evaziga 8,2 ming dollar talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Angren shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u soʻralgan pul mablagʻidan 2,1 ming dollarini oldindan olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Maʼlum qilinishicha, hozirda mazkur ikki qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.