Ikki viloyatda noqonuniy qum-shagʻal qazib olish holatlari aniqlandi

    Samarqand va Navoiy viloyatida noqonuniy tarzda qum-shagʻal qazib olinishi oqibatida tabiatga qariyb 4.5 mlrd miqdorda zarar yetkazilgan.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “L.P.” MCHJ rahbari A.B. MCHJga baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan hududdan oʻzboshimchalik bilan 33,2 ming kub metr. hajmdagi qum-shagʻal aralashmasini noqonuniy qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,1 mlrd soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda viloyat oʻrmon xoʻjaligiga qarashli Karmana tumani, “Yangi ariq” MFY hududida joylashgan yer maydonidan 79,3 ming kub metr. hajmdagi qum-shagʻal aralashmasi noqonuniy qazib olinganligi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,1 mlrd soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) va 229-moddasi (oʻzboshimchalik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.