Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchkoʻprik tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.A. Qoʻqon shahri «Achchiqkoʻl« MFY hududidagi noturar binoda chet elda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz 5 280 quti 62,7 mln soʻmlik tamaki mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Parkent tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan X.I. sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 4 turdagi jami 325 dona tamaki mahsulotlarini fuqaro M.X.ga 50 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.