Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, 2025/2026-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul boʻyicha vazirlikning my.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtgan talabgorlarning arizalari koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, natijaga koʻra ayrim arizalar kamchiligi boʻlgani uchun rad etilgandi. Shuni inobatga olib rad etilgan arizalarni 14—15-avgust kunlari tahrirlash imkoniyati beriladi.
Ushbu muddatdan soʻng tahrirlashga yoʻl qoʻyilmaydi va kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar koʻrib chiqilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtgan barcha talabgorlardan oʻzlarining shaxsiy kabinetlariga kirib, arizalarining koʻrib chiqilish holatini doimiy kuzatib borishlari soʻraladi.