Unda Sohibqiron davriga oid kashfiyotlar va ilmiy yutuqlar xaritasi namoyish qilingan. Bunda irrigatsiya-muhandislik kashfiyotlari, meʼmorchilik, kitobat, ilm-fan, islom ilmlariga oid kashfiyotlar alohida oʻrin tutadi.

“Vaqt devori”da Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan qoʻlyozmalardan olingan miniatyuralar, ularda aks etgan tarixiy shaxslar siymosini koʻrish mumkin. Shuningdek, turli eksponat, numizmatika namunalari, xarita, videorolik, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan.

Zalda Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorus saodat, Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbaralari maketi bor. Bronza shamdon nusxasi ham bir paytlar Amir Temur buyrugʻiga asosan tabrizlik usta tomonidan yasalgan va Turkistondagi maqbaraga oʻrnatilgan.

Ekspozitsiya uchun Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI yozishmalari nusxalari tayyorlangan. Maʼlumki, Ispaniya elchisi Klavixo Amir Temur bilan yuzma-yuz uchrashgan, esdaliklarida uni adolatli hukmdor, ilm-maʼrifat homiysi sifatida tasvirlagan. Markaz va WOSCU mutaxassislari hamkorligida ushbu esdalikning sovgʻabop nusxasi tayyorlangan.

Amir Temur sektorida 1533-yilda koʻchirilgan va ayni paytda AQSHning Baltimor universitetida saqlanayotgan “Zafarnoma” miniatyuralari, “Temur tuzuklari” qoʻlyozmasining Sankt-Peterburg Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanayotgan, XVIII asrga oid faksimile nusxalari, miniatyuralar qoʻyilgan.

“Meʼrojnoma” asari 1434-yili eski oʻzbek tilida, ammo uygʻur yozuvida yozilgan. Fransiya Milliy kutubxonasidan ushbu qoʻlyozma nusxasi olindi. Shohrux Mirzo sektoridan ushbu asarda keltirilgan miniatyura ham oʻrin olgan.

Vitrinada Qurʼoni karimning temuriy shahzoda Ibrohim sulton koʻchirtirgan, oltin suvi bilan bezatilgan nusxasini koʻrasiz. Muqaddas kitobning shahzoda tomonidan koʻchirilgan bir qancha qoʻlyozmalari mavjud. Ulardan biri Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida saqlanadi. 2025-yil avgustda ushbu Qurʼoni karimning bir faksimile nusxasi Erondagi Ostoni Quds kutubxonasidan olib kelingan.

Mirzo Ulugʻbek sektorida sunʼiy intellekt asosida yaratilgan loyiha boʻyicha maxsus ekrandagi ajdodimiz siymosi bilan toʻrt tilda savol-javob qilish mumkin. Mirzo Ulugʻbek zalida rasadxona maketi va interaktiv loyihasi, bu yerda ishlatilgan uskunalar, ushbu davrga mansub kulolchilik buyumlari va qoʻlyozmalar bilan tanishish mumkin.

Xuroson sektorida Rossiyadagi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadigan Husayn Boyqaro devonining faksimile nusxasi chop etilib, koʻrgazmaga qoʻyilgan. Shuningdek, ekspozitsiyada Alisher Navoiy tasvirlangan miniatyuralar, shoir qoʻlyozmalari, chop etilgan asarlari namoyish qilinmoqda.

2022-yilda WOSCU tomonidan dunyoda ilk bor Kamoliddin Behzodga tegishli deb qaraladigan 80 dan ortiq miniatyura toʻplanib, “Moniyni xijolatda qoldirgan Behzod” nomli kitob-albom chop etildi. Ekspozitsiyadan Behzodning Turkiyadan topilgan avtoportreti, miniatyuralari, qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari ham oʻrin olgan.

Temuriy malikalarga bagʻishlangan zalda ularning davlat boshqaruvidagi mavqei koʻrsatilgan. Bibixonim qiyofasini ishlashda Prezidentimiz tavsiyasiga koʻra malikaning bosh kiyimi, kiyimlari rangi, boʻy-basti aynan ispan elchisi Klavixo tasvirlagandek boʻlishiga eʼtibor berildi. Gavharshodbegim, Teginabegim, Saroymulkxonim monologlari ham tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotadi.

Muzeyda Bobur va boburiylar merosiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻsha davrga oid qoʻlyozmalar, qurol-aslahalar, shaxsiy buyumlar, chodir qismi, kiyimlar koʻrsatilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning maxsus ekranda sunʼiy intellekt orqali jonlantirilgan siymosi ham keluvchilar bilan muloqotga kirishadi.

Aksariyat tarixchilar temuriylardan soʻng Ikkinchi Renessans oʻz yakuniga yetgan deb biladi. Ammo izlanishlar shayboniylar, ashtarxoniylar va boshqa sulolalar temuriylar davri madaniyatini davom ettirishga harakat qilganini koʻrsatadi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva singari shaharlarda yaratilgan obidalar, tarixiy, ilmiy va adabiy asarlarda ham temuriylar madaniyatiga taqlid yaqqol sezilib turadi.

Ekspozitsiyada oʻtgan asrning 70-yillarida turli mintaqalar boʻylab namoyish qilingan, mashhur italyan kolleksioneri Ignazio Vokga tegishli oʻzbek kashtalari kolleksiyasini koʻrish mumkin. Ayni paytda bu kashtalar Oʻzbekistondagi eng qadimiy kashtachilik namunalaridir. Bu yerdan Toshkent, Shahrisabz, Nurota, Samarqand kashtachilik maktabining XVIII-XIX asrlarga oid tarixiy durdonalari oʻrin olgan.

Shuningdek, ekspozitsiyada Maxtumquli, Fuzuliy, Berdaq, Toqtogʻul, Abay, Ahmad Donish, Mirzo Jalol, Sadriddin Ayniy, Ajiniyoz singari allomalar merosiga ham joy ajratilgan.

Davlatoy MURODOVA,

Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi