Mamlakatimizda biznes yuritishning huquqiy jihatlari puxta ishlab chiqilgan. Kichik va o‘rta qatlam vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarda tadbirkorlikka ishtiyoq uyg‘otishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Zotan, mamlakatimizda yoshlar aholining salmoqli  qismini tashkil etadi. Shuning uchun ularni qo‘llab-quvvatlash eng ustuvor vazifalardandir. O‘tgan yili davlatimiz rahbarining ishbilarmonlar bilan ilk marta ochiq muloqoti o‘tkazilib, 20 avgust sanasi yurtimizda Tadbirkorlar kuni deb belgilangani yoshlar hayotida ham o‘ziga xos iz qoldirdi.

Sohaga qaratilgan e’tibor va izchil islohotlar yoshlar orasida tadbirkorlik tobora kengayib borayotgani, imkoniyatlar ko‘lami yanada ortayotganida o‘z ifodasini topmoqda.

O‘tgan bir yildan ziyod vaqt davomida yosh tadbirkorlar soni 500 ming nafardan 750 minggacha oshganining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘la oladi.

“Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi biznes tashabbuslar, startap g‘oyalar va loyihalarni ro‘yobga chiqarish, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish borasida e’tiborga molik ishlarni bajarib kelmoqda.

Tadbirkorlik — noyob qobiliyat. Tashkilotchilik, ijodkorlik va tashabbusning erkin namoyon bo‘lishi, yangilikka doimiy intilish, novatorlik bilan tavsiflanadigan bu kasbning o‘ziga xos murakkabliklari bor. Yuqori xarajat, raqobat, xavf-xatarga doim tayyor turish kabi xususiyatlar bu sohaga qadam qo‘yayotganlar uchun bir oz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, yosh va tajribasiz bo‘lsa. Mas’uliyatli qarorlar qabul qilish zarurati tug‘ilganda esa o‘rinli maslahat va yo‘l-yo‘riq tadbirkorlik orzusidagilarning hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi, yangi g‘oyalar amalga oshishiga turtki berishi ham mumkin.

Jamg‘armaning asosiy vazifasi yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishi, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ishbilarmonlik sir-asrorlarini o‘rgatish, desak xato bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, viloyatlarda tadbirkorlik istagidagi yigit-qizlarni to‘liq qamrab oladigan tizim shakllandi.

Joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning bilimini oshirish maqsadida malakali mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan biznes seminarlarda joriy yilning birinchi yarmida 13 ming 467 nafar yosh qamrab olindi.

Davlat dasturlari doirasida barcha hududda imtiyozli kredit olib, faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar mahsulotlarining ko‘rgazma-savdo yarmarkalari tashkil etilib, tadbirkorlik faoliyatiga qiziqqan 10 ming nafardan ziyod yosh qamrab olingani ham bu boradagi e’tiborga molik ishlardan bo‘ldi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan 7 ming 846 nafar yoshga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalarda konsalting xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlarida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashish uchun turli tadbirlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, hududlarda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan yetakchi tadbirkor, hunarmand va ishbilarmonlar bilan hamkorlikda shogird tayyorlash amaliyotini joriy etish orqali 6,5 ming nafardan ziyod yigit-qizning bandligi ta’minlandi.

Tadbirkorlik uyushmalari, vazirliklar hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda yosh ishbilarmonlar loyihalarini moliyalashtirish choralarini ko‘rish orqali 11 mingdan ziyod yoshning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi. Natijada ularning 302,2 milliard so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirildi.

Yoshlar uchun qulay biznes muhitini yaratish maqsadida Farg‘ona, Navoiy viloyatlarida kovorking markazlar, Qashqadaryo v iloyatining Chiroqchi tumani hamda p oytaxtimizda “Book cafye — kitob olami” kompleksi hamda Chilonzor tumanida Yoshlar biznes markazi barpo etildi.

Ushbu majmualarda yosh tadbirkorlar uchun konsultativ markazlar, imtiyozli ijara narxlarida zamonaviy ofislar, “Book cafye”, IT, robototexnika, xorijiy tillar, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘qitishga qaratilgan o‘quv markazlari, mediastudi ya, arxitektura va dizayn, xalqaro logistika xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur komplekslarda 654 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlanib, 4 ming nafarga yaqin yigit-qiz bilim olishiga imkoniyat yaratilmoqda.

Bugun baralla aytishimiz mumkin: aksariyat yoshlarimiz yurtimizdagi islohotlar bilan hamnafas qadam tashlayapti. Ilgari ularda tadbirkorlikni boshlash, soliq, davlat xizmatchilaridan qo‘rquv bor edi. Ish boshlashdan oldin ikkilanar edi. Endi to‘siqlar olib tashlandi. Eng katta yutug‘imiz ham shu bo‘ldi.

“Qimmatga tushgan xatolar” dasturi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab muvaffaqiyatga erishgan yirik tadbirkorlar ishtirokida 65 marotaba ruhlantiruvchi trening, biznes uchrashuv o‘tkazildi. Unda xalqaro darajadagi biznes trener va ekspertlar, muvaffaqiyatga erishgan ishbilarmonlar boy hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ish boshlashdagi yutuq va kamchiliklar haqida so‘zlab berdi. Uchrashuvlarda 16 mingdan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi.

Yutuqlarimizdan yana biri shuki, bugun iqtisodiy rivojlanish asoslarini yoshlarimiz chuqur anglab yetyapti. Dunyoda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida aniq metodologiyaning o‘zi yo‘q. Bunday metodologiyani yaratish ham imkonsiz. Chunki u davr va infratuzilmaga qarab yoki ixtisoslashuvdan kelib chiqib, muttasil o‘zgarib boradi. Rivojlanishda depsinish bo‘lmaydi. Unda moslashuvchanlik, muntazamlik bor. Biz buni yoshlarga tushuntirishga harakat qildik. Uchrashuvlarda taniqli ishbilarmonlar eng qiyin daqiqada ham kurashdan to‘xtamaslik, tavakkal qilishdan cho‘chimaslik, qiyinchiliklarni yangicha usullarda yechishga harakat qilish, barcha ishni puxta rejalashtirish, o‘qib-o‘rganish haqida saboq berdi.

Kishilarda ishonch uyg‘otuvchi, o‘z ortidan ergashtira oluvchi va umumiy muvaffaqiyat uchun o‘zini yuz foiz ishga bag‘ishlovchi inson qiyofasi yoshlarimizni befarq qoldirmaganini ko‘rib, quvonadi kishi.

Xayrulla SATTOROV,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari,

 “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori