Bu haqda Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Mingbuloq tumanidagi “Fayzimuhammad ota Ch” fermer xoʻjaligi viloyatda ham har sohada peshqadamlardan. Jam 747 gektar maydonda paxta-gʻalla yetishtirayotgan fermer texnika kuchidan unumli foydalanib kelmoqda. Ayni paytda 24 ta turli rusumdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari bor. Ilgʻor fermer Bahodir Chilmatov 24 nafar aʼzosini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Ayniqsa, mexanizatorlarga eʼtibor katta.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi Ishchi guruhi Mingbuloq tumanidagi oʻrganishlari davomida mazkur fermer xoʻjaligida quvonchli voqeaning ustidan chiqdi.
Ilgʻor fermer oʻz ishchisi – ilgʻor mexanizator Sobirjon Ergashevga zamonaviy Onixʻ avtomashinasi sovgʻa qildi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi Ishchi guruhi qimmatbaho sovgʻani egasiga tantanali ravishda topshirdi.