Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish, huquq-tartibotni hamda fuqarolar huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, bu yoʻnalishga oid 20 ga yaqin qonun hujjati qabul qilindi.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 26-mart kuni “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mazkur Farmonda ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilishi belgilandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati qayta koʻrib chiqildi. Mamlakatimizdagi barcha mahallalarda kriminogen vaziyat tahlil qilinib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratildi. Natijada oʻtgan yili 4 ming 488 ta mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmadi, 1 ming 551 mahallada jinoyatlar soni kamaydi.
Taʼkidlash joizki, bunda ichki ishlar organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladigan hamda qishloqlarda, ovullarda va mahallalarda jamoat tartibi saqlanishini, fuqarolar xavfsizligini, huquqbuzarliklar profilaktikasini, jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita taʼminlaydigan asosiy quyi boʻgʻini faoliyatini amalga oshiruvchi profilaktika inspektorlarining oʻrni beqiyos.
Shuningdek, tizimga raqamli texnologiyalarni qoʻllash va aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida, profilaktika inspektorlariga masofadan murojaat qilish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish imkonini beruvchi “Smart mahalla” dasturi ishlab chiqilganligi ham yaxshi samara beradi.
Lekin shunga qaramay, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud. Shu orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini yana-da yaxshishlashga erishish mumkin.
Bu borada ilgʻor xorijiy davlatlar (AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya) tajribasini oʻrganish va bizga mosini amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq. Ulardagi mavjud baʼzi tajribalar bu borada qoʻl kelishi mumkin.
Qoʻshnichilik nazorati dasturi. Dasturning muhim jihati muayyan hududda yashovchi qoʻshnilarning oʻzaro xavfsiz yashash sharoitlarini yaratishga hissa qoʻshish tizimida aks etadi. Bunda ularning asosiy faoliyati har qanday jinoiy va boshqa huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni huquq-tartibot organlariga yetkazish hisoblanadi. Baʼzan bu dastur hududni qoʻriqlash uchun fuqarolik boʻlinmalarini tuzishni oʻz ichiga oladi. Bugungi kunda AQSHda 100 mingdan ortiq shunday boʻlinma mavjud.
Jinoyatchilikni toʻxtatish dasturi. Bu dastur dastlab AQSHda shakllanib, yaxshi samara berganidan keyin Gʻarbiy Yevropada ham joriy etildi. Dasturning maqsadi guvoh haqidagi maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlagan holda fuqarolarning jinoyatchilikka qarshi kurashishda ichki ishlar organlari bilan amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyishdir. Bu tizimning samaradorligini AQSHda birgina 2008-yilda aholi yordami bilan 795 mingdan ortiq jinoyat fosh etilganida ham koʻrish mumkin.
Tozalash dasturi – jinoyatchilikning oldini olish, aholi sogʻligʻiga oid muammolarini hal qilishga innovatsion, yaxlit, idoralararo yondashuv. Maqsad esa muayyan hududda zoʻravonlik, giyohvandlik moddalari savdosi va boshqa turdagi jinoyatchilik, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda aholi uchun xavfsiz muhitni taʼminlashdir. Dastur ishtirokchilari huquqni muhofaza qilish idoralari, ijtimoiy soha xodimlari, davlat va xususiy sektor vakillari hamda aholi hisoblanadi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha yuqorida qayd etilgan dasturlarning milliy manfaat va yurtimizda mavjud huquqni qoʻllash amaliyotiga muvofiq kelishi nuqtayi nazaridan sohaga tatbiq etilishi yaxshi samara berishi mumkin.
Bir soʻz bilan aytganda, jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Dildora BOZOROVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori vazifasini bajaruvchisi,
yuridik fanlar nomzodi