Bugun Sirdaryo viloyati ta’lim sifatini oshirish, aholi salomatligini asrab-avaylash, zamonaviy talablarga javob beradigan tibbiyot infratuzilmasini shakllantirish borasida ham ilg‘or tashabbus va g‘oyalar ro‘yobga chiqadigan hududga aylanayotir. Mana shu sa’y-harakatlarni jadallashtirish uchun davlatimiz rahbarining yaqinda viloyatga tashrifi asnosida mutasaddilarga qator topshiriq va vazifalar berildi.
Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2021-yil 1-iyuldan Sirdaryoda sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq tajriba-sinov ishlari boshlangan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu yangi tizim samara berishi tasdig‘ini topdi. Xususan, davlat tibbiy sug‘urtasi yordami bilan imtiyozli toifaga kiruvchi fuqarolarda turli kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarib kelindi va bu jarayon davom etmoqda.
Eng muhimi, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi natijasida ijtimoiy ahvoli og‘ir, imkoniyati yo‘q fuqarolar jamg‘arma yordami bilan og‘ir asoratli, salmoqli mablag‘ talab etuvchi kasalliklardan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti yordamida tez, oson va chiqimsiz forig‘ bo‘lmoqda. Bu “Inson qadri uchun” tamoyiliga to‘la mos keladi. Keyinchalik Guliston tibbiyot klasterining tashkil etilgani davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish uchun to‘laqonli zamin hozirladi.
Prezidentimiz ana shu ezgu tashabbusni kengaytirish maqsadida Guliston shahrini mamlakatimizning “Innovasion medisina xabi”ga aylantirish taklifini ilgari surdi.
— Davlatimiz rahbari bildirgan fikr-mulohazalar viloyatning tibbiy salohiyatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini yuqoriga ko‘tarish, sifatli tibbiy xizmatni yanada rivojlantirishni nazarda tutmoqda, — deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov. — Viloyatimizda tibbiy turizm xabini tashkil etishga ko‘rsatma berilgani Tojikiston va Qozog‘istondan kelayotgan bemorlarni bemalol qabul qilishimiz, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishimiz uchun katta imkoniyatdir. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan xitoylik hamkorlar bilan birgalikda klinika tashkil etilishi ham aholi salomatligi hamisha e’tiborda ekanidan dalolat beradi. Sirdaryoda hozir bunday klinika yo‘q. Agar shunday shifoxona tashkil qilsak, tibbiyotimiz sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, tibbiyot turizmining rivojlanishida ham ahamiyat kasb etadi. Sohaga innovasion yechimlarni tatbiq etish imkoniyatini kengaytiradi. Yuqori texnologiyali operasiyalar, diagnostikalarni shu yerning o‘zida joriy qilsak, bu Sirdaryo tibbiyoti rivojiga hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Sirdaryo poytaxtimizga yaqin joylashgan. Shuningdek, u ikki qo‘shni davlat — Qozog‘iston va Tojikiston bilan qulay transport koridoriga ega. Qolaversa, mamlakatimizning ko‘pgina viloyatlariga olib boradigan yo‘l Sirdaryodan o‘tadi. Shu bois, Guliston tibbiyot klasteri jahon andozalariga mos tibbiy markazga aylanishi kutilmoqda.
— Viloyatning tibbiyot xabiga aylantirilishi xalqimiz uchun katta imkoniyatlarga eshik ochadi, — deydi Guliston tibbiyot klasteri direktori Shuhrat Husanov. — Avvalo, aholining “bir tom ostida” barcha zarur muolaja va maslahatlarni olib, vaqti ham, mablag‘i ham tejaladi. Shuning barobarida viloyatda tibbiyot turizmi rivojlanadi. Zimmamizga yuklatilgan barcha vazifani sidqidildan bajarsak, viloyatimizda dunyo standartlariga bo‘ylashadigan tibbiyot markazi yaratiladi. Bu nafaqat yurtdoshlarimizga, balki qo‘shni davlatlar fuqarolariga ham sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Bugun Guliston tibbiyot klasterining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shifoxonalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash borasida e’tiborga molik ishlar bajarilmoqda. Jumladan, yuqori texnologiyali operasiyalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan apparaturalar, ya’ni analizator, raqamli rentgen, kamerali mikroskop, video endoskop kabi tibbiy uskunalar keltirilgan. Davlatimiz rahbarining tashrifidan so‘ng bu xayrli ishlar shiddat bilan davom etadi. Zero, inson salomatligi — oliy ne’mat. Sog‘lom inson esa har qanday jamiyatning bebaho boyligidir. Uni asrab-avaylash, insonni qadrlash mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi.
Ijod maktabining oydin yo‘li
O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga dadil integrasiyalashyapti. Rivojlangan davlatlar bilan ko‘plab sohalarda teng hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Hayotning barcha jabhasida ilg‘or taraqqiyot yo‘lidan jadal bormoqda. Jumladan, ta’lim sohasida ham e’tirof etsa arzigulik natijalarga erishilyapti. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonni ilg‘or zamonaviy bilimga ega, kelajakka dadil intiladigan, vatanparvar yoshlar bilangina qurish mumkin. Ana shunday yigit-qizlarni tarbiyalash uchun bugun mamlakatimizda ilm-fan, ma’rifatga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsad yo‘lida mamlakatimizda adabiyot va badiiy ijod yo‘nalishida bir qancha maktablar ochildi. Ishoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Muhammad Rizo Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi xorijiy tillarni o‘rgatishga hamda ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning tashkil etilgani iste’dodli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish va rivojlantirishdek ezgu maqsadni o‘zida mujassam etdi.
Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Guliston shahridagi ijod maktabini borib ko‘rdi. Halima Xudoyberdiyeva haykali poyiga gul qo‘ydi va shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan moʻjaz muzeyni ko‘zdan kechirdi. O‘quvchilar xalqimizning suyukli ijodkori she’rlaridan namunalar o‘qib berdi.
Ijod maktabida umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot chuqur o‘rgatiladi. Ayni paytda 7-11-sinflarda 180 nafar iqtidorli o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda. Sinflar, kompyuter xonalari, laboratoriya, sport zali va yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Maktab kutubxonasida 3 ming 500 dan ortiq badiiy adabiyot jamlangan.
— Prezidentimizning maktabimizga tashrifi barchamizda cheksiz g‘urur-iftixor uyg‘otdi, — deydi ijod maktabi direktori Pokiza Ahmedjonova. — Bu, albatta, maktabimizga, o‘quvchilarimizga e’tibor, mehr, bolalarimizning kelajagiga mas’uliyatdan dalolatdir. O‘quvchilarimiz — ijodkor bolalar. She’riyatga, adabiyotga oshno. Bugun oldimizda ular yetarli ta’lim olyaptimi, ertaga oliy o‘quv yurtiga kirishga bilimi yetadimi, degan savollar turibdi. Chunki bu yil ilk bitiruvchilarimiz mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Sinovli yil bo‘sag‘asidamiz. Ishimiz yaxshi natija bersa, otaonalar berayotgan ta’limimizga, maktabimiz salohiyatiga ishonadi. Bu jarayonda ona tili va adabiyotga mehrli yoki tug‘ma iqtidorli bolalarimizning birortasini nazardan chetda qoldirmasligimiz, ularni izlab topish va maktabimizga jalb etishimiz lozim. Shu bolalarga puxta ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchilar safini yanada kengaytirish ham dolzarb masala. Bizga bu jarayonda katta yordamchi sifatida oliy ta’lim muassasalari biriktirildi. Maktabimizga O‘zbekiston davlat jahon tillari hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetlarining biriktirilgani salohiyatli o‘qituvchilarni jalb etish imkoniyatini beradi.
Darhaqiqat, ijod maktablarini universitetlarga biriktirish, viloyatdagi maktablar bilan aloqasini mustahkamlash, iste’dodli yoshlar kitoblarini chop ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani turli hududlarda istiqomat qiladigan o‘quvchilar orasidan badiiy adabiyot va ijodning boshqa turlariga qiziqadiganlarni aniqlash, adabiyotni teran his qiladigan bolalar iste’dodini ro‘yobga chiqarish sari dadil qadam bo‘ldi.
Yaxshi niyat, katta orzu-umidlar bilan boshlangan har qanday xayrli ish, albatta, vaqt o‘tishi bilan mevasini beradi. Mazkur ta’lim maskanida so‘z san’atini sevgan iste’dod egalari, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli, salohiyatli kadrlar, buyuk yozuvchi va shoirlar, so‘z san’ati ijodkorlari yetishib chiqishi shubhasiz.
Risolat MADIYЕVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri