Oʻzbek biotexnologlari tomonidan ishlab chiqilgan test tizimiga patent berildi

    Respublikada ilk bor “Teskari transkripsiyali ayni vaqtdagi polimeraza zanjirli reaksiyasi usuli yordamida SARS-CoV-2 koronavirusi RNK sini aniqlash uchun reagentlar toʻplami”ga patent berildi.

    “Biotest - SARS-CoV-2” reagentlar toʻplami oʻtkir respirator sindrom COVID-19ni qoʻzgʻatuvchi SARS-CoV-2 koronavirusining RNKsini “real vaqt” rejimida PZR usulida burun-halqum shilliq pardasidan olingan surtmadan aniqlaydi.

    Ushbu toʻplam koronavirus genomining ikki sohasida - RdRP va N genlarida COVID-19 oʻtkir respiratorli infeksiyani klinik va diagnostik tekshirish uchun moʻljallangan, test natijalari qoʻshimcha tasdiqlashni talab qilmaydi.

    Mahalliy PZR test sistemasiga reaksiyalarning sifatini tekshiruvchi koʻrsatkichlar ham kiritilgan. Bu ekspress-test emas, balki toʻlaqonli test boʻlib, natijalar 5-6 soatdan keyin aniq boʻladi hamda faqat maxsus laboratoriyalarda qoʻllash mumkin.

    Mazkur test tizimi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazining biotexnologlari tomonidan Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib ishlab chiqildi. Uni “Biotest—LAB” MCHJ startapi tomonidan ommaviy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

    “Biotest - SARS-CoV-2” reagentlar toʻplami Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligida 2020-yil 7-mayda roʻyxatga olingan. U bugungi kunda mazkur Agentlikda roʻyxatga olingan yagona test tizimidir.