Taʼkidlanishicha, mazkur qaror mahsulotning nomi va uni tayyorlashning anʼanaviy texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish, shuningdek, uning oʻziga xos sifati va nufuzini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Tarixiy manbalarga koʻra, Qoʻqon shahri qadimdan hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan markazlardan biri hisoblanadi. Shu hududda shakllangan Qoʻqon holvasi anʼanaviy tayyorlash usuli, oʻziga xos taʼmi va sifati bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham eʼtirof etilgan.
Geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi mahsulotning maʼlum hudud bilan uzviy bogʻliqligini rasmiy eʼtirof etadi. Bu esa uning nomidan faqat belgilangan talablarga javob beradigan ishlab chiqaruvchilar foydalanishiga huquqiy asos yaratadi hamda mahsulotning obroʻsi va sifatini himoya qiladi.
Shuningdek, mazkur maqom mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, hududning gastronomik brendini mustahkamlash va milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarda kengroq targʻib etish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar fikricha, geografik koʻrsatkichlar tizimini rivojlantirish mamlakatning milliy brendlarini himoya qilish, gastronomik turizmni ragʻbatlantirish va intellektual mulk obyektlarini samarali boshqarishda muhim vositalardan biri hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, geografik koʻrsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va oʻziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy yoki ijtimoiy-madaniy omillari bilan bogʻliqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.