“Ilhaq” filmi turli tillarga tarjima qilinyapti

    Madaniyat 31 May 2021 4669

    Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Ezgu film” studiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” badiiy filmi bir necha tillarga tarjima qilinyapti.

    Mazkur film Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlanib, unda 5 farzandini frontga joʻnatgan ayol Zulfiya aya taqdiri va kechinmalari haqida suratga olingan.

    Rejissyor Jahongir Ahmedov kinokartinaning boshqa tillarga tarjima qilinishi haqida soʻzlab berdi:

    “Kinokartina birinchi navbatda rus tiliga tarjima qilindi hamda 19-22-may kunlari Tojikiston Respublikasida boʻlib oʻtgan “Oʻzbek kinosi kunlari” doirasida ilk bor rus tilida premyerasi oʻtkazildi.

    Filmning rus tilidagi varianti qardosh xalqlar tomonidan juda iliq kutib olindi va endilikda “Ilhaq” kinokartinasini qozoq, turkman, tojik, qirgʻiz tillariga tarjima qilish hamda premyeralarini oʻtkazish taklifi berildi. Ayni vaqtda agentlik buyurtmasiga binoan “Ezgu film” studiyasi tomonidan film tojik tiliga tarjima qilinyapti, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

    “Ilhaq” filmining hozirda rus tilidagi tarjima va ingliz tilidagi subtitr qilingan varianti tayyor”.