Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Moskvada bo'lib o'tgan MDH sammitida so'zga chiqib, oktabr oyida Ozarbayjon bilan allaqachon kelishilgan bandlar asosida tinchlik shartnomasini imzolashga va qolgan barcha masalalar bo'yicha ishni davom ettirishga tayyorligini ma'lum qilgan edi.
“Uchrashuvda Aliyev, afsuski, arman tomoni Bryussel jarayonini davom ettirmaslikka qaror qilganini ta'kidladi. Aliyev tinchlik shartnomasining barcha bandlari bir xil qiymatga ega va ularni ajratib bo'lmasligini ta'kidladi. Prezident Armaniston hukumatining shartnomani qisqartirilgan shaklda imzolash haqidagi g'alati taklifini mutlaqo noreal deb bilishini qo'shimcha qildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Aliyev, shuningdek, Yevropa Ittifoqini bu masalada betaraf bo'lishga chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Boku bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ishonchsizlikka chegaradagi Yevropa kuzatuvchilari missiyasi vakolatining Boku roziligisiz uzaytirilishi sabab bo'ldi. Ozarbayjon prezidentining vakillari eslatganidek, ruxsatnoma 2022-yil oktabr oyida ikki oyga berilgan va missiyaning o'zi cheklangan miqdordagi iste'fodagi ofitserlardan iborat bo'lishi kerak edi.
“Aliyevning aytishicha, siyosiy madaniyat chegarasidan tashqariga chiqadigan “durbindan qarab yuritiladigan diplomatiya”ni qabul qilib bo'lmaydi”, deyiladi xabarda.
2022-yilda Yerevan va Boku Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi vositachiligida bo'lajak tinchlik shartnomasini muhokama qila boshladi. O'tgan yil may oyi oxirida bosh vazir Pashinyan Ozarbayjonning suverenitetini Qorabog' bilan birga tan olishga tayyorligini ma'lum qilgan edi, deb xabar beradi ria.ru.