Ilhom Aliyev ba'zi G'arb davlatlari Armanistonni yangi urushga undayotganini aytdi

    Ozarbayjon prezidenti Armaniston qurollanish siyosatidan voz kechishi kerakligini qayd etdi.

    Ayrim G'arb davlatlari Armanistonni Ozarbayjon bilan yangi urushga undamoqda. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokudagi G'alaba bog'i ochilishida so'zlagan nutqida aytib o'tdi.

    “Ayrim G'arb poytaxtlarida o'tirgan aksilozarbayjon kuchlari, islomofoblar, ozarbayjonofoblar Armanistonni yangi urushga undamoqda”, dedi Ilhom Aliyev.

    U rasmiy chiqishlarida va arman tomoni bilan muloqotlar chog'ida bunday undashlarga chuv tushib qolmaslik zarurligini tushuntirishga harakat qilganini ta'kidladi, deb xabar beradi tass.ru.

    “O'z manfaatlari yo'lida, [Armanistonning] do'stlari hisoblangan ba'zi G'arb davlatlari Janubiy Kavkazda barqarorlikni buzish, yana qon to'kilishi, loyqa suvda yana baliq tutish uchun ularni qurbon qilishga tayyor”, dedi Ozarbayjon Prezidenti. Unga ko'ra, hali kech bo'lmasdan Armaniston qurollanish siyosatidan voz kechishi kerak.

    “Biz urushni xohlamaymiz, biz xohlagan narsaga erishdik, hududiy yaxlitligimiz va davlat suverenitetini ta'minladik”, deya qo'shimcha qildi Ozarbayjon yetakchisi.