Ozarbayjon va Armaniston tinchlik shartnomasi matni bo'yicha yakuniy kelishuvga erishishga yaqin turibdi va 11-22-noyabr kunlari Bokuda bo'lib o'tadigan BMTning iqlim bo'yicha SOR29 konferensiyasidan keyin muzokaralarni davom ettiradi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Germaniya kantsleri Olaf Shols bilan telefon orqali muloqotda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
“Ozarbayjon prezidenti Armanistonning tinchlik shartnomasi matni bo'yicha o'z takliflarini sezilarli darajada kechiktirgani jarayonga salbiy ta'sir ko'rsatganini ta'kidladi, biroq shunga qaramay, tomonlar hujjat matni bo'yicha yakuniy kelishuvga erishish va muzokaralar olib borishga yaqin turibdi. SORdan keyin muzokaralar davom etadi”, deyiladi bayonotda.
O'z navbatida, Shols Germaniya Ozarbayjon va Armaniston o'rtasida tinchlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari o'rnatilishini qo'llab-quvvatlashini aytdi va tomonlarni “dadil qadamlar tashlash”ga chaqirdi.
Germaniya kantsleri, shuningdek, mamlakatidagi mavjud siyosiy vaziyat tufayli COP29 iqlim konferensiyasida yetakchilar sammitida ishtirok eta olmasligini aytdi, deb xabar beradi tass.ru.