Boku shahrida 19-iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasini qabul qildi.

Suhbat avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻz navbatida, Ozarbayjon rahbari mamlakatimiz yetakchisini va butun xalqimizni Prezident saylovidagi ishonchli gʻalabasi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri mamlakatimizda boʻlib oʻtgan saylovdan soʻng Shavkat Mirziyoyevni birinchi boʻlib Prezident Ilhom Aliyev tabriklaganini bildirib, bu Davlatlarimiz rahbarlari va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik namunasi ekanini alohida taʼkidladi.

Qayd etilganidek, Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilyapti. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga oshib borayotir. Neft va gaz, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, ipakchilik va toʻqimachilik sanoati hamda boshqa tarmoqlarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari hayotga muvafaqqiyatli tatbiq etilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

Bosh vazir matbuot xizmati.