Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitob va mutolaa haftaligi” doirasida “Kitob. Kutubxona. Kitobxon” mavzusida ommaviy axborot vositalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari, OAV vakillari va jurnalistika yo'nalishi talabalari ishtirok etdi.
Ushbu formatda ilk bor tashkil etilgan tadbirda so'nggi paytlarda jamoatchilik orasida tarqalgan kutubxona bilan bog'liq turli muammo, munozarali savollar, xususan, kutubxonada o'rnatilgan tartib-qoidalarga alohida to'xtalib o'tildi.
Muloqot davomida mutasaddilar tomonidan kutubxona tartib-intizomining qat'iy nazorati ayrim foydalanuvchilarning kitobga zarar berishi, ruxsatsiz olib ketishi, mutolaa madaniyatining etishmasligi bilan bog'liqligi ochiqlandi.
Shuningdek, kitobxonlikni tizimli tashkil qilish, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining malakasini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi. OAV va talabalarning kutubxona faoliyati bilan bog'liq savollariga atroflicha javob berildi.