Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupovning mehnatlari munosib eʼtirof etilib, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgani yurtdoshlarimiz, ilm ahlini ruhlantirib yubordi. Qahramonimiz ayni paytda koʻnglidan kechayotgan kechinmalar haqida soʻzlab berdi:
Odatda, har kuni kechki yangiliklarni koʻraman. Kuni kecha ham televizorni yoqib, yangiliklarni kuzata boshladim. Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini berish toʻgʻrisida”gi farmoni oʻqib eshittirilayotgan paytda suratim koʻrsatilib, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanganim eʼlon qilindi. Kutilmagan bu holat chindan juda hayajonli edi... Oila aʼzolarim, doʻstlar, hamkasblarning qutlovi, telefon qoʻngʻiroqlari ancha paytgacha tinmadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, biz — olimlar alohida eʼtibor va hurmatga sazovor boʻlib kelmoqdamiz. Prezidentimizning topshirigʻiga binoan, poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Matematika institutining yangi binosi qad rostladi. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy bino ilm-fan, taʼlimga qaratilayotgan katta eʼtibor mahsulidir. “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonining menga berilishi ham ilm ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning gultoji boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Kichik mehnatimizning davlatimiz rahbari tomonidan yuksak eʼtirof etilishi inson qalbiga katta mamnuniyat, minnatdorlik tuygʻularini bagʻishlar ekan. Bu nafaqat menga, balki butun matematiklarga, olimlarga berilgan mukofot, deb bilaman. Zero, bir odamning qoʻlidan hech narsa kelmaydi. Butun jamoaning birdamligi, atrofdagi sogʻlom, ishchan muhit, ishlash uchun yaratilgan imkoniyat ana shunday yuksak mukofotlarga zamin yaratdi. Bu mukofot bizning qiladigan ishlarimizga yoʻl boshlovchi.
Hozir “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Renessans” degan iboralar tez-tez quloqqa chalinyapti. Biz mana shu Renessansga poydevor qoʻyuvchi ilmli yoshlarni tarbiyalashga masʼulmiz.
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz oʻquvchilarining xalqaro fan olimpiadalaridagi yutuqlari salmogʻi sezilarli darajada oshdi. Gʻolib oʻquvchilarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida yangicha taqdirlash tizimi ishlab chiqildi. Dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Oʻzbekistonning iqtidorli yoshlarini xalqaro olimpiadalarga Matematika institutida tayyorladik. Shu yilning 14−24-iyul kunlari Rossiya tomonidan oʻtkazilgan 62-Xalqaro matematika olimpiadasida dunyoning 110 davlatidan 623 nafar oʻquvchi qatnashdi. Oʻzbekiston terma jamoasidan ikki nafar oʻquvchimiz kumush va bronza medalga sazovor boʻldi. Ular pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bu yoshlarimizning kelgusida ilm egallab, yurt ravnaqi uchun mehnat qilishiga katta motivatsiya beradi. Ularga yoʻl koʻrsatib, ilmga ragʻbat uygʻotish — bizning vazifamiz.
Yaqinda Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusi barcha ishlarimizda dasturilamal boʻlayotir. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansga tamal toshi qoʻyish uchun nima qilishimiz zarurligi koʻrsatib berildi. Har bir inson “Prezidentimiz oldimizga qoʻygan vazifani ado etish uchun men nima qildim?” deya oʻziga savol berishi kerak. Ana shundagina oldimizga qoʻyilgan katta vazifalarning uddasidan chiqamiz.
Yoshligimdan matematika faniga qiziqqanman. Akademik Sarimsoqovdan taʼlim olganman. Aspirantlik paytimda ilmiy ishimni muddatidan oldin yoqlab, yosh fan nomzodi boʻlganman. 30 yoshimda fan doktori boʻldim. Bu oʻsha davr uchun juda katta voqea edi. Shundan keyin Oʻzbekiston yosh olimlar kengashiga rais boʻldim.
Fanlar akademiyasiga 36 yoshimda muxbir aʼzo etib saylandim. 42 yoshimda akademik boʻldim. Oʻshanda eng yosh akademik edim. Shundan soʻng deyarli 22 yil Fanlar akademiyasiga aʼzolar saylanmadi. Shunday davr boʻldiki, ilm-fan butunlay eʼtiborsiz qoldirildi. Juda koʻp olimlarimiz boshqa sohalarga oʻtib ketdi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq sohaga alohida eʼtibor qaratdi. 2017-yilda OʻzFAda yangi saylov oʻtkazildi. Oʻshanda 30 nafardan ortiq yangi akademik saylandi. Ana shunda fanga eʼtibor tubdan oʻzgarganini sezdik. Bu bizni ruhlantirdi, yanada qattiqroq ishladik.
Mening, shogirdlarimning ilmiy hayotida yuz bergan katta voqea haqida gapirmoqchiman. Koʻp yillardan beri fan sohasida davlat mukofoti berilmayotgan edi. Prezidentimiz bunga barham berdi. Birinchi boʻlib, davlat mukofoti bizga taqdim etildi. Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirganimda u kishi “Siz bu mukofotga oldinroq loyiq edingiz” mazmunida soʻz aytib koʻnglimni yanada koʻtardi.
Ochigʻi, ilm-fanga eʼtibor umuman boʻlmagan paytlarda ham fandan ketmadik. Shogirdlarim ham fidoyi boʻlib ishladi. Bugun ana shu fidoyilikning mevasini koʻryapmiz. Ayni paytda olimlarning maoshi deyarli uch barobar oshdi. Ularga qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Obroʻ-eʼtibori taʼminlandi.
Har qanday oʻzgarish, islohotni amalga oshirish uchun yaxshi kadrlar kerak. Maktab bolalariga dars beradigan yetuk fan oʻqituvchilarini tayyorlash bugungi kunning muhim talabi boʻlib turibdi. Xuddi shunday oliy taʼlimda ham samarali faoliyat olib boradigan pedagoglarga ehtiyojimiz bor. Hozirgi oʻqituvchilarning saviyasi yetarli, deb aytolmayman. Maktabda yaxshi oʻqimagan oʻquvchi universitetda ham puxta taʼlim ololmaydi. U oliy taʼlimni tugatgach, haminqadar saviya bilan yana maktabga qaytib, oʻquvchilarga dars bera boshlaydi. Biz mana shu zanjirni uzishimiz zarur. Bilimli oʻqituvchilarni tayyorlash barobarida bolalarning saviyasini koʻtarishimiz, yaʼni milliy kadrlar masalasini hal qilishimiz lozim. Matematikani bilgan odam bilmagan odamga qaraganda tanlagan sohasidan qatʼi nazar, koʻproq yutuqqa erishadi.
Matematika — bu hamma fanlarning tili. Ayniqsa, koʻpgina sohalarda raqamli texnologiyalar qoʻllanayotgan ekan, bunda matematik bilim juda zarur. Bu bizdan yanada samarali faoliyat talab qiladi.
“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni qalbimizga ana shunday ezgu niyat, zimmamizga esa katta masʼuliyat yukladi.