Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur

    Uchinchi Renessans sari dadil qadam tashlayotgan Yangi Oʻzbekistonning poydevori ham ilm-fan hisobiga barpo etilayotir

    Vatanparvarlik haqida soʻzlaganda hech qachon hissiyot oʻzgarmaydi, chunki qalbda ozod ruh kezib yuradi. Vatan haqida gapirganda esa, baʼzan turli fikrlarni, farqli munosabatlarni uchratish mumkin. Bu endi siyosat — hayotiy evrilishlar, davlat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlar, inson qadri bilan bogʻliq islohotlarga daxldor kayfiyat.

    Bugunchi? Bugun Vatan haqida ham, vatanparvarlik haqida ham havas, kuchli ishtiyoq, zoʻr gʻayrat-shijoat bilan gapiryapmiz. Oddiy odamlar qalbida buyuk muhabbat uygʻongan. Bu — hayotga, yurtga, odamlarga, tabiatga, albatta, Allohga boʻlgan muhabbat. Ishtiyoq va muhabbat doim yaxshiliklar ortidan keladi. Yangi Oʻzbekistonda ham shunday boʻldi.

    Tarix guvoh boʻlgan Oʻzbekiston zaminidagi ikki buyuk uygʻonish davrining tub mohiyatida ilm yotadi va Uchinchi Renessans sari dadil qadam tashlayotgan yangi Oʻzbekiston poydevori ham ilm-fan bilan barpo etiladi.

    Ayni masala Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining toʻrtinchi muhim yoʻnalishi boʻlib, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-oʻqituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak. Shuningdek, Uchinchi Renessansning toʻrt uzviy halqasi — bogʻcha, maktab, oliy taʼlim va ilm-fan sohasini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyishda ilmning oʻrni hal qiluvchi ahamiyatga ega.

    Oʻzbekiston Prezidenti yoshlarni ilm olishga, fan-texnikaning eng soʻnggi yutuqlaridan boxabar boʻlib, dunyodagi tengdoshlari bilan raqobat qilishi, kerak boʻlsa ularga oʻrnak boʻlishi lozimligini doimo taʼkidlab keladi.

    Elning ichi — oltin beshik, deymiz. Rost gap. Iqtidorli yoshlarimiz koʻp. Ularni qoʻllab-quvvatlash va sifatli bilim olishiga koʻmaklashish esa barcha davrlarda ham muhim boʻlgan, bugun har qachongidan ham dolzarb, hayot-mamot masalasi.

    Dunyoda harbiy ilm rivojlanib, harbiy olimlar takomillashib borayotgan bir sharoitda Oʻzbekistonda ham dastlabki debochalar koʻzga tashlanayotgani bu borada qilinadigan ishlar ancha koʻpligidan dalolat beradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni har yil boshida Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy ilm, harbiy fan va harbiy sanʼat tarixini chuqur oʻrganish, bu orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, zamonaviy harbiy fan yutuqlaridan foydalanilgan holda xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha oʻziga xos mudofaani hozirlash, bu borada kelgusidagi strategik vazifalar belgilab olinadi. Xavfsizlik kengashining joriy yil yanvar oyidagi yigʻilishining ham asosiy mavzularidan biri harbiy ilmni rivojlantirish boʻlib, bu borada mavjud kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

    Dunyoda va mintaqamizda boʻlayotgan tahlikali voqealarni chuqur tahlil qilib, aholi tinchligi va osoyishtaligi, chegaralarimiz daxlsizligi, jamoat xavfsizligini taʼminlash, dunyo mamlakatlarida sodir etilayotgan voqealardan saboq chiqargan holda, faqat oʻz kuchimizga ishonishimiz, harbiy salohiyatimiz, jangovar qobiliyatimiz va qudratimizni zamonaviy ilm va texnologiyalarga asoslangan holda yangi bosqichga koʻtarish vaqti keldi.

    Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimiga salohiyatli kadrlar tayyorlash tizimida soʻnggi besh yilda muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida universitet faoliyatida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 15 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 8 ta magistratura mutaxassisligi ochildi, sirtqi va umumfuqarolik asosda kunduzgi taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Ilmiy salohiyat qariyb 70 foizni tashkil etmoqda.

    Hozirgi vaqtda universitetda faoliyat yuritayotgan 10 ga yaqin doktorant va 200 dan ortiq mustaqil izlanuvchining faoliyati, aksariyat mavzular tadqiqot obyektlari bevosita jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliqligi kelajakda harbiy ilm sohasidagi tadqiqotlarning yanada faollashuviga, natijadorlikka xizmat qiladi.

    Oliy harbiy kadrlar tayyorlash, ilgʻor uslublarni yanada ommalashtirish, harbiy oʻqituvchilar malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar Akademiyasini harbiy ilm-fan dargohiga aylantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarimizdan sanaladi. Shu bilan birga, ilgari mavjud boʻlmagan va mutlaqo yangi imkoniyatlarga ega Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini harbiy taʼlim va ilmiy faoliyat tizimiga samarali integratsiya qilish orqali zamonaviy harbiy bilim va malakaga ega, harbiy olimlarni tayyorlash ham oliy maqsadlardan sanaladi.

    Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan zamonaviy qurol-yarogʻ hamda harbiy texnika bilan taʼminlash, mavjudlarini modernizatsiya qilish ham harbiy qurilish sohasidagi eng ustuvor vazifa boʻlishi taʼkidlandi. Ushbu maqsadlar va zamonaviy tahdidlar xususiyatidan kelib chiqib, 2022–2026-yillarda Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish boʻyicha konseptual dastur qabul qilish boʻyicha strategik vazifalar belgilab olindi.

    Hozirgi axborot makonidagi qarama-qarshilik, odamlar, ayniqsa, yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan sharoitda oliy harbiy taʼlim muassasalarida ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ilm-fanning oʻrni va ahamiyati tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

    Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, harbiy ilm-fanni oʻrganish va zamonaviy yutuqlarni integratsiya qilishda zamonaviy strategik yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy yondashuvlardan faol foydalanish zarur.

    Jumladan, ilm-fan yutugʻining harbiy sohaga tatbiq etilishi, avvalo, uning ijobiy jihatlariga – oʻz-oʻzini mudofaa qilish, muntazam va barqaror armiyani shakllantirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, ichki va tashqi xavf-xatarlardan himoyalanishga xizmat qilishi kerak. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida “harbiy taʼlim – harbiy bilim – harbiy ilm” uzviyligini taʼminlash, ularni mazmun jihatdan boyitishini maqsad qilgan holda, bugun hal qiluvchi qarorlarni qabul qilishimiz shart. Xususan, mamlakatimizdagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining ayrimlari bir bosqichda kadrlarni tayyorlashga moʻljallangan boʻlib, zarur mutaxassisliklar boʻyicha barcha oliy harbiy taʼlim muassasasida magistratura taʼlimini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadga muvofiq.

    Zamonaviy xatarlarni hisobga olib harbiy sohada axborot xavfsizligini taʼminlash, axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga oʻz vaqtida va mutanosib ravishda harakatlarni tashkil etish, “axborot urushlari”ning oldini olish, Qurolli Kuchlar tizimiga IT-texnologiyalarini faol jalb etish, kiberxavfsizlikka qarshi barcha amaliy choralarni koʻrishda ham ilm-fan texnologiyalarning eng zamonaviy yutuqlaridan foydalanish shart.

    Xorijiy tajribani oʻrganish va ularni milliy amaliyotga zarur darajada tatbiq etish uchun chet tillarni mukammal oʻzlashtirish talab etiladi. Shu bois, harbiy olimlar xorijiy tillarni bilishi, chet tilidagi manbalar bilan tanishish va ularni tahlil qilishi uchun harbiylar orasida til oʻrganish masalasini har bir rahbar va xizmatchi oʻzining eng asosiy vazifasidan biri, deb bilishi bugungi kun talabidir.

    Bu kabi vazifalarni bajarish uchun harbiy ilm, ilmiy salohiyat kerak. Prezidentimiz aytganidek, dunyo tajribalaridan kelib chiqqan holda “Tankni emas, kosmosni oʻrganish kerak”.

    Qoʻshinlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash kabi sohalarga ham ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish talab etilmoqda.

    Prezidentimizning 2021-yil 29-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatda qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.

    Ushbu hujjatning ahamiyatli jihati shundaki, bugun jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, tinchlik va osoyishtalikka tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar davlat va uning masʼul organlari zimmasiga yangidan yangi vazifalarni yukladi.

    Shu bilan birga Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarida bajariladigan dissertatsion tadqiqotlar mavzularini shakllantirishda jamoat xavfsizligini taʼminlash amaliyotidagi dolzarb muammolarning yechimlariga yoʻnaltirilgan masalalarga ustuvor ahamiyat qaratish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yoʻlga qoʻyishdek ustuvor masalalar ham ilgari surilgan.

    Farmonda jamoat xavfsizligi muammolarini oʻrganish, ilmiy tadqiq qilish borasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi va Jamoat xavfsizligi universitetini tayanch metodik bazaga aylantirish belgilangan.

    Sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl omillarini “ilmiy diagnoz” asosida aniqlash va “ilmiy diagnoz xulosasi” bilan “E-jamoat xavfsizligi” axborot tizimi orqali rasmiylashtirish tartibini joriy qilish, jinoyat va huquqbuzarliklarning omillarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ilmiy baholash asosida tahlil qilish va xulosasini rasmiylashtirish tartibini joriy qilishda ham yangicha yondashuv talab etiladi.

    Xulosa oʻrnida alohida taʼkidlash oʻrinliki, urush strukturasi oʻzgargan bugungi dunyoda har qanday xavf-xatarga munosib javob qaytarish, bu orqali bosh vazifa hisoblanadigan mamlakat xavfsizligi, aholi tinchligi va osoyishtaligiga erishish pirovard maqsad sanaladi. Shunday ekan, zamonaviy harbiy ilm-fanni chuqur oʻrganish va shonli tariximizda munosib iz qoldirgan ajdodlarimizga munosib avlod boʻlish oliy burchimizdir.

    Mirzayusuf RUSTAMBOYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi

    universiteti boshligʻi, polkovnik.