Har bir davlatning istiqbolini shu yurtda yashayotgan yosh avlodning bilimi, maʼnaviy qiyofasi, yuksak ong va tafakkuriga qarab belgilash mumkin. Zero, jamiyat poydevori bilimi yoshlar dunyoqarashi, izlanishlari, qoʻlga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari bilan yanada mustahkam, ertangi kuni esa yanada yorugʻ va saodatli boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi akademigi Sardorjon Avazov mamlakatimiz kelajagi uchun xizmat qiladigan shunday iqtidorli yoshlardan biri. U oʻttiz yoshga toʻlmay, 150 ga yaqin ilmiy maqola, 6 ta darslik, 8 ta monografiya, 10 dan ziyod oʻquv-uslubiy qoʻllanma yozib ulgurdi.

Hayotimning eng yorqin sahifasi
— Soʻnggi besh yilda yurtimizda fan, taʼlim sohasida juda ulkan islohotlar amalga oshirildi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Buni birgina mening faoliyatim misolida ham koʻrish mumkin. 25 yoshimda qishloq xoʻjaligi fanlari doktori ilmiy darajasini olgan boʻlsam, 27 yoshimda professor ilmiy unvoni sohibi boʻldim. Bugungi kungacha 100 dan ziyod shogird tayyorladim, ulardan 3 nafari fan doktori ekani men uchun juda katta faxrdir, — deydi Toshkent davlat agrar universitetining oʻsimliklarni himoya qilish kafedrasi mudiri Sardorjon Avazov. — Joriy yilning iyun oyida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga sazovor boʻldim. Prezidentimiz qoʻlidan yuksak mukofotni olgan kunim hayotimning eng yorqin va unutilmas sahifalaridan biri boʻlib qoldi. Davlatimiz rahbarining “Oʻgʻlim Sardorjon, senga ishonaman”, degan otalarcha samimiy soʻzlari haligacha qulogʻim ostida jaranglaydi. Dilimga halovat bagʻishlovchi oʻsha yorugʻ kunni eslasam, qalbim quvonch va faxr tuygʻulariga toʻladi. Mukofot olganimdan soʻng oʻzimni qayta kashf etganday boʻldim. Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga munosib boʻlish uchun yanada koʻproq ishlashim, izlanishim, ilmli va salohiyatli yoshlar safini kengaytirishga hissa qoʻshishim lozimligini anglab yetdim. Bu ishonch va ragʻbat menga bor bilim va salohiyatimni yurt ravnaqi yoʻlida ishlatib, yangi Oʻzbekistonni yanayam yuqori choʻqqilarga koʻtarishga undaydi!
Ilm yoʻli — eng sharafli yoʻl.
Ilm yoʻli - eng sharafli yoʻl. Bu yosh olimning hayotdagi shiori. Xoʻsh, yosh olimning shunday ulkan muvaffaqiyatlarga erishishida aslida kim va nima sabab boʻlgan?
Sardorjon 1992-yili Toshkent viloyatining Qibray tumanida ziyoli oilada dunyoga keldi. Oiladagi ilmiy muhit uni bolaligidanoq oʻqishga va oʻz ustida izlanishga undadi.
— Olimlik darajasiga yetishimga sabab boʻlgan ilk ustozlarim otam va onam hamda nafaqat menga, balki koʻplab yoshlarga butun hayotlari davomida ilmu maʼrifat ziyosini taratib, taʼlim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarimdir, — deydi S.Avazov. — Otam bolaligimdanoq turli toʻgaraklarda til oʻrganishimga, sport bilan shugʻullanishimga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Aslida olgan maoshi oylikdan-oylikkacha bazoʻr yetsada, hech qachon nolimagan. Har bir yutugʻimdan quvonib, kamchiligimni tuzatib, ruhiy dalda berib turgan. 6 yoshimdan tabiiy fanlarga ixtisoslashgan respublika gimnaziyasida tahsil oldim. Soʻngra xorijiy tillar boʻyicha akademik litseyda oʻqidim. 2013-yilda Toshkent davlat agrar universitetining bakalavriat yoʻnalishini, 2015-yilda esa magistraturani davlat granti asosida imtiyozli diplom bilan tugatdim. Keyin fitopatologiya va agrobiotexnologiya kafedrasida assistent sifatida faoliyatimni boshladim. Bolaligimdan to shu kungacha ilm izlab kam boʻlmadim.
Olamshumul yangiliklar yaratish mumkin
Ha, agar inson astoydil istasa, oʻz qobiliyatiga ishonib harakat qilsa, oʻqib-oʻrgansa, buyuk va olamshumul yangiliklar yaratishi mumkin. Sardorjon ota-onasi kechasi bilan kitob oʻqib, daftar toʻldirib, ertangi kun darslariga tayyorlansa, u ham jajjigina qoʻllaridan ruchkasini qoʻymay, muk tushib yozib-chizishni eng yaxshi koʻrgan mashgʻulotiga aylantirdi.
Magistraturani tugatgach, 2015-yili Xitoyda rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligiga fitopatologiya va biotexnologiya sohalarini tatbiq etish mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro oʻquv kursida oʻz malakasini oshirib, sertifikat oldi. 2017-yilda Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi akademigi ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan. Yosh olim mamlakatimizda va Hamdoʻstlik davlatlarida tashkil etiladigan koʻplab xalqaro seminar-treninglarda faol ishtirok etib keladi, rus, ingliz, nemis tillarini mukammal biladi.
Har bir oʻquv yilida talabalarning bitiruv malakaviy ishi, magistrantlar, falsafa doktori dissertatsiyalariga rahbarlik qiladi. Uning ilmiy rahbarligida 27 nafar bakalavr,
9 nafar magistr va 3 nafar falsafa doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Bugungi kunda esa 5 nafar bakalavr, 2 nafar magistr va 3 nafar doktorantga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. 2019-yildan Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash aʼzosi.
2017-yilda qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), oradan bir yil oʻtib, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻldi. Sardorjon Avazov Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida yosh olimlar ichida birinchilardan boʻlib yurtimizning har xil tuproq-iqlim sharoitida piyozning asosiy zamburugʻli kasalliklarini toʻliq monitoring qilgan.
Izlanuvchan olim 2019-yilda Toshkent davlat agrar universitetining “Eng yaxshi xodim” va “Eng yaxshi oʻqituvchi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolibi, 2020-yilda esa taekvando boʻyicha
1–DAN qora belbogʻ sohibi boʻldi. Ayni paytda Toshkent davlat agrar universitetida kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritish bilan birga, Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olmoqda.
Sardorjon fan doktorlari, professorlar Abbosxon Maʼrupov, Raʼno Sattarova, Botir Hasanov taʼlimini olgan. Ilmiy rahbari qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Hoshim Yahyoyev esa ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishishida uni qoʻllab-quvvatlab, yaqindan yordam bergan.

U ilm yoʻlida hamisha qoʻllab-quvvatlab kelgan ustozlarini hurmat va ehtirom bilan birma-bir tilga oldi. 2018-yilda fan doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, Oʻzbekistondagi eng yosh olimlar safiga kirishiga marhum ustozi, biologiya fanlari doktori, professor Saviya Sulaymonova va ilmiy maslahatchisi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Abbosxon Maʼrupov bergan taʼlimlar muhim ahamiyat kasb etganini alohida taʼkidlaydi. Hayot yoʻllarini ilm shuʼlasi bilan yoritib, oʻz maslahatlari va oʻgitlarini ayamagan, doimo yoʻlchi yulduz kabi yoʻl koʻrsatib turgan ustozi, iqtisod fanlari doktori, akademik Qalandar Abdurahmonovdan ham juda koʻp va katta saboq olganini, barcha ustozlaridan bir umr minnatdorligini alohida eʼtirof etdi.
Sardorjon Avazov bilan suhbatlashar ekanmiz, uning 6 yoshli oʻgʻilchasi Muhammadaminning rus va ingliz tillarida onasi bilan bemalol soʻzlashganini koʻrib, “ot izini toy bosar” maqoli yodimizga tushdi. Muhammadamin onasi Goʻzalxon Abdurashidova yordamida 4 yoshidan boshlab ushbu tillarni mukammal oʻrgandi. Goʻzalxon harbiy sohada faoliyat yuritish bilan birga, ayni paytda ilmiy izlanishlarini Toshkent moliya institutida davom ettiryapti. Baxtini ilm tufayli topib, umr sahifalarini maʼrifat nuri bilan toʻldirib borayotgan bu izlanuvchan yosh oila hayotning bor goʻzalligini ilm orqali tasavvur qiladi. Eng asosiysi, ular ilm yoʻlini hayotlarining ajralmas qismiga aylantirib olgan. Zero, ilm ikki dunyo saodatining kalitidir.
Gulichehra Durdiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.