U kishi nafaqat inson anatomiyasi sohasidagi bilimdon olim, balki oʻz davrida ilmiy salohiyatni saqlab qolgan, zamonaviy tibbiy bilimlarni birlashtirishda beqiyos tajriba toʻplagan pedagog sifatida ham tanilgan. Uning ilmiy yoʻli Oʻzbekiston morfologiya maktabi asoschilari — professor Komiljon Zufarov va professor Nosir Ahmedov ismlari bilan chambarchas bogʻliq.
Oʻtkir Mirsharapov bolaligidanoq inson organizmining murakkab tuzilishi va hayot qonuniyatlariga qiziqdi. Bu qiziqish uni tibbiyot yoʻliga yetakladi va keyinchalik umrbod ilmiy izlanishlariga sabab boʻldi. U oʻqishni davom ettirar ekan, mashhur anatom Nosir Ahmedov rahbarligida ilmiy izlanishlarni boshladi. Ana shu ustozning ilmiy maktabida unda anatomiyani nafaqat organik tuzilish, balki tirik organizmning funksional tizimi sifatida koʻrish qobiliyati shakllandi.
Taʼlim jarayonida ustozlardan olgan saboqlari unda chuqur tahlil qilish, tajribani nazariya bilan uygʻunlashtirish, inson morfologiyasiga innovatsion yondashish malakasini mustahkamladi. Oʻtkir Mirsharapov oʻz davrining har bir ilmiy kashfiyotini sinchiklab oʻrganib, uni amaliy tibbiy bilimlar bilan bogʻlay olgan olim sifatida tanildi.
Ilmiy izlanishlar va tadqiqot natijalari
Professorning ilmiy faoliyati asosan qon tomir va asab tizimi morfologiyasi, ayniqsa, ularning shikastlanish va tiklanish jarayonlariga bagʻishlangan. Uning nomzodlik dissertatsiyasi — “Arteriya va nerv birgalikda shikastlanganda qon aylanish yoʻllarining morfologik tiklanishi” mavzusidagi izlanishlar — morfologiya fanining yangi yoʻnalishiga asos soldi. U tajribalarida biomorfologik usullardan foydalanib, kollateral qon aylanish tizimining rivojlanish qonuniyatlarini ilmiy jihatdan asosladi. U doktorlik ditsertatsiyasida oʻpkaning venoz qon tomirlarining shakillanishi va turli yoshdagi odamlarda uning morfologik xususiyatlarini asoslab berdi. Bu natijalar nafaqat anatomiya, balki jarrohlik va neyroxirurgik sohalari uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Uning ishlari qon aylanish tizimidagi qayta tiklanish mexanizmlarini amaliyotda baholashga yordam berdi va keyinchalik tibbiy taʼlimda integratsiyalangan yondashuvning asoslaridan biri sifatida tanildi.
Professor Mirsharapov tomonidan 200dan ortiq ilmiy maqolalar, 6 ta darslik, 5 ta monografiya va 30 dan ortiq oʻquv qoʻllanmalar yaratilgan. Uning ilmiy merosi Toshkent davlat tibbiyot universitetidagi morfologiya kafedralari faoliyatiga samarali tatbiq etilgan. U rahbarlik qilgan ilmiy yoʻnalishlardan bir nechta fan nomzodlari va doktorlar yetishib chiqqan — bu esa uning ustozlik faoliyatining yorqin ifodasidir.
Ustozlik va insoniy fazilatlar
Professor Mirsharapov shogirdlari uchun haqiqiy maʼnaviy yoʻlboshchi boʻlgan. U har bir yosh tadqiqotchida qiziqish uygʻotish, ularni mustaqil fikrlashga undash, ilmiy natijalarni hayot bilan bogʻlashni oʻrgatishga katta ahamiyat bergan. Uning auditoriyasida ilm faqat nazariya emas, balki ruhiy kamolot maktabi ham edi.
Kamtarlik, masʼuliyat, halollik — uning hayot shiori. Shogirdlar uni “har bir fikrida ilmiy qatʼiyat va insonparvarlik uygʻun boʻlgan ustoz” deb eslaydilar. Ilmiy anjumanlarda, dissertatsiya himoyalarida yoki kafedra yigʻilishlarida uning tahlillaridan doimo yangi ilmiy gʻoyalar tugʻilardi.
Tibbiy bilimlarni integratsiya qilishdagi hissasi
XX asr oxiri — XXI asr boshlarida tibbiy fanlar tez rivojlanayotgan bir davrda Oʻtkir Mirsharapov turli yoʻnalishlar — anatomiya, fiziologiya, biokimyo va klinik fanlar oʻrtasidagi integratsiyaga katta eʼtibor berdi. Uning fikricha, zamonaviy shifokor nafaqat oʻz sohasini, balki organizmning tuzilish va funksiyasini bir butun tizim sifatida anglashi lozim.
Uning tashabbusi bilan bir qator ilmiy-amaliy kurslar, kafedralararo seminarlar tashkil etildi. U bu jarayonda ilmiy anʼanalarni zamonaviy yondashuvlar bilan uygʻunlashtirishga muvaffaq boʻldi. Shu sababli, Mirsharapov faoliyati Toshkent davlat tibbiyot universitetida integratsiyalangan taʼlim modeli rivojiga poydevor boʻldi.
Professor Oʻtkir Mirsharapov oʻz ilmiy salohiyati, insonparvarligi va fidoyiligi bilan zamondoshlarining hurmatini qozondi. Uning ismi anatomiya fanining yangi bosqichiga qadam qoʻyish bilan bogʻliq. Har bir ilmiy natija, har bir shogirdning muvaffaqiyatida ustozning mehri, mehnati va mehrboniyligi namoyon boʻladi.
Bugungi kunda Toshkent davlat tibbiyot universitetida uning ilmiy maktabini davom ettirayotgan shogirdlar bisyor. Ular ustozlaridan meros anʼanani — ilmiy tahlil va insonparvarlik uygʻunligini — yangi avlodga yetkazmoqda. Oktyabr oyida universitet miqiyosida eʼlon qilingan “Professor Nosir Ahmedov haftaligi” ana shu insonparvarlikning yorqin timsolidir.
Gulchehra MIRZAYEVA,
jurnalist